Zebo G‘aniyeva – sahna va jang maydoni qahramoni
Ikkinchi jahon urushi yillarida mohir razvedkachi va afsonaviy snayper sifatida nom qozongan Zebo G‘aniyeva haqida nimalarni bilamiz? Nozik jussali xushro‘y bu qizginadan fashist bosqinchilari baloyi ofatdan qo‘rqqandek talvasaga tushganlarini bilamizmi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, Zebo G‘aniyeva 1923 yilda tug‘ilgan. Mash’um 1937 yilda uning onasi sho‘rolar tuzumida avj olgan qatag‘onga uchraydi. Otasi esa "xalq dushmanining bolasi", degan tavqi la’natdan halos etish, shu bilan birga, murg‘ak farzandining hayotini saqlab qolish uchun qizchadan voz kechgandi... O‘sha yili Zebo Toshkentga O‘zbek davlat filarmoniyasi qoshidagi xoreografiya bo‘limiga o‘qishga kirish uchun keladi.
1940 yilda Moskvadagi davlat san’at oliy o‘quv yurtining aktyorlik fakultetiga o‘qishga kirgan Zebo urush boshlanganida birinchilardan, ham ko‘ngillilar safida frontga jo‘naydi. Qizning bu qarori shum taqdirning o‘yinlariga qasdma-qasdiga qilingan da’vat, shuningdek, fashist gazandalarni yer tishlatish istagi ham edi, desak ehtimol yanglishmasmiz.
Oz fursatda Zebo G‘aniyeva o‘zi xizmat qilgan polkda mohir mergan, epchil aloqachi, zehni o‘tkir razvedkachi sifatida nom qozondi. Ha, fashistlarni qarsillatib otib tashlashda, dushman pozitsiyasi haqida eng zarur ma’lumotlarni o‘z vaqtida yetkazishda u barchaga namuna edi. Og‘ir yaralangach, Zebo sal kam bir yil, deganda shifo topadi. Urushdan so‘ng Zebo atoqli o‘zbek rejissyori Nabi G‘aniyevning "Tohir va Zuhra" badiiy filmida Xorazm malikasi rolini ijro etadi... Hayotligidayoq jonli afsonaga aylangan Zebo opa keyinchalik tarixchi, sharqshunos olima sifatida faoliyat ko‘rsatgan edi...
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Toshkent shahar bo‘limi tomonidan "Zebo G‘aniyeva -- sahna va jang maydoni qahramoni", deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir yoshlar uchun ham foydali, ham mazmunli, samimiy ruhda tashkil etilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Bu kabi tadbirlar G‘alaba onlarini yaqinlashtirgan hamyurtlarimizning jasorati, ma’naviy qiyofasi, umr mazmunini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga ochib berishda katta tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Zero, sog‘lom tafakkurli har bir inson bugungi tinch va osoyishta hayotimiz sabablaridan biri – Vatanning minglab o‘g‘il-qizlarining joni va qoni evaziga kelganini teran anglaydi.
Tadbirda shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan qayta ishlangan hujjatli film namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahar bo‘limi rahbari M.Ismoilova, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi, dramaturg Qo‘chqor Norqobil hamda "G‘alaba bog‘i" yodgorlik majmuasi mutasaddi xodimlarining hayotiy hikoyalari, qiziqarli ma’ruzalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
N.Usmonova, O‘zA