Zavodni 400 barobarga “kichraytirgan” mutaxassis
Husan Nurnazarov asli Navoiy viloyati Navbahor tumanining Gujbog‘ qishlog‘ida tug‘ilgan. Yoshligidan turli shakllar, imoratlarning chizmalarini chizishga qiziqqan Husan arxitektor bo‘lishni maqsad qilgandi. Taqdir taqozosi bilan Uchquduq tumaniga borib qolgan. Hozirda u 3-gidrometallurgiya zavodida ishlaydi.
H.Nurnazarov Samarqand Davlat me’morlik-qurilish institutini tugatgandan so‘ng, 3-GMZ Loyihalash konstruktorlik Byurosida muhandis konstruktor vazifasida ish boshlagan.
Konstruktorlik byurosining asosiy vazifasi zavoddagi bor yangilik, innovatsiyalarni loyihalashtirishdan iborat. Husan aka va uning jamoasining chizmasisiz biror bir detalni ham zavod sexlarida yangilik sifatida o‘rnatib bo‘lmaydi.

–Bugungacha byuromizda 7 mingdan ziyod loyihalar chizilgan bo‘lsa, ularning mingdan oshig‘ida ishlaganimdan g‘ururlanaman. Bizning qog‘ozda qalam bilan chizilgan chizmalarimiz oddiy chizmalar emas, ular katta zavodimizda ulkan imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladi, – deydi Husan Nurnazarov.
Qizilqum kengliklarida joylashgan 3-gidrometallurgiya zavodini ko‘pchilik “Oltin zavod” deb ataydi. Bu yerda vagonlarda tashib kelinadigan 10 million tonnaga yaqin tog‘ jinslari maydalanib, qimmatbaho metallga aylantiriladi. Bunda Husan aka singari konstruktorlarning ham alohida hissasi bor.
Husan Nurnazarov konstruktorlik vazifasidan tashqari san’atga bo‘lgan qiziqishi tufayli bo‘sh vaqt topdi, deguncha ijodiy ishlar bilan shug‘ullanadi. Shu boisdan rahbariyat unga zavod ichki va tashqi dizayn ishlarini ham ishonib topshirgan. Zavodning sex, uchastkalar stellalari, Uchquduq shahriga kirish yo‘lidagi 3-GMZ zavod emblemasini ham Husan aka chizgan.

Joriy yilda 3-gidrometallurgiya zavodi tashkil topganiga 30 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan u o‘zi ishlayotgan zavodining 1:400 masshtabdagi maketini yasadi. Uchquduqda bo‘ladigan sayllar, bayramlarda u tomonidan yaratilgan maket eng qiziqarli ko‘rgazma sifatida namoyish etiladi.
Turmush o‘rtog‘i Ra’no To‘xtamisheva Uchquduqdagi 2-Quyoshjon nomli maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyachi bo‘lib ishlaydi. Ushbu muassasa 2016 yilda joriy ta’mirdan chiqarilgan.
Darvoqe, mazkur bog‘chaning devorlariga o‘zbek milliy ertak qahramonlari suratlarini Husan aka chizib bergan.
Oilaning yolg‘iz farzandi Suyunboy ham ota kasbini tanlagan. U Samarqand davlat Arxitektura-qurilish universitetini bitirib, otasining ishlarini davom ettirmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri