Zargarlik sanoati uchun import uskunalari bojxona bojidan ozod etildi
O‘zbekistonda zargarlik sanoatini rivojlantirish, sohada zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yana bir muhim qaror qabul qilindi.
2026-yil 18-may kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona bojidan ozod etiladigan o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan hamda zargarlik sanoatida foydalaniladigan asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar va sarflov vositalari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 251-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq, zargarlik buyumlari ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan va mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan ayrim asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar hamda sarflov vositalari 2028-yil 1-iyulga qadar O‘zbekiston hududiga import qilinganda bojxona bojidan ozod etiladi.
Qaror bilan imtiyoz tatbiq etiladigan mahsulotlar ro‘yxati ham tasdiqlandi. Unda asosan zargarlik sohasida zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlarini ta’minlovchi yuqori texnologiyali uskunalar, maxsus jihozlar va ularning ehtiyot qismlari qamrab olingan.
Hukumat qaroriga ko‘ra, bojxona imtiyozlari faqat yangi asbob-uskunalarga, bitta kontrakt asosida import qilinadigan mahsulotlarga, ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan texnikalarga nisbatan qo‘llanadi.
Shuningdek, import qilinayotgan uskunaning ishlab chiqarilgan yilini tasdiqlash uchun ishlab chiqaruvchi zavodning texnik pasporti yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan berilgan rasmiy hujjat taqdim etilishi shart qilib belgilangan.
Mazkur imtiyozlar zargarlik sohasiga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida eksport hajmini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda ichki bozorni sifatli mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash imkonini beradi.
Qayd etilishicha, qaror Prezidentning zargarlik buyumlari ishlab chiqarish sohasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan bo‘lib, sohada investitsiyaviy jozibadorlikni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA