Zarbdorliklar zarbdor kunlarni boshladi
Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy mavsum uchun zarbdor kunlar boshladi.
Viloyat ekologiya boshqarmasi xabariga ko‘ra, tuman hududiga o‘tgan 2021 yil kuz faslida jami 521 ming 885 tup mevali, manzarali daraxt ko‘chatlari va buta qalamchalari ekilgandi. Ayni paytda, tuman mas’ullari tomonidan ekilgan daraxtlarni parvarish qilish va o‘sishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugun tuman obodonlashtirish bo‘limi xodimlari tomonidan ekilgan daraxt ko‘chatlarining tagi yumshatilib, sug‘orish ishlari amalga oshirildi. Parvarishlash ishlarida markaziy ko‘chalar atrofiga ekilgan bironta ko‘chat e’tibordan chetda qolmayapti.

Shuningdek, Zafarobod tumanida ham ko‘chat ekishga start berildi.
Shu tumanda istiqomat qiluvchi tadbirkor F.Urishevning tashabbusibilan cho‘l bag‘rida ko‘rkam bog‘ barpo etildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tadbirkor tumandagi “Chimqo‘rg‘on”mahhala fuqarolar yig‘ini hududidan yer olib, o‘z mablag‘i hisobidan 2 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekdi.

– Cho‘l bag‘rida bunyod etilgan yashil hudud zafarobodliklar uchun yaqin yillarda ajoyib yashil maskanga aylanadi, – deydi tadbirkor F.Urishev. – Shu bilan birga bog‘ havo musaffoligini ta’minlashga ham xizmat qilishi shubhasiz. Qilgan mehnatimning elimizga nafi tegsa, men o‘zimni baxtiyor his qilardim.
Bugun viloyatning barcha shahar va tumanlarida tozalik va obodonlashtirish tadbirlari o‘tkazilib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlari boshlandi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA