Zarbdorlik “Barchinoy” – Xalqaro turnir g‘olibi
Islom olamining ikki muqaddas bayramidan biri – Qurbon hayiti arafasida Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l viloyati “Cho‘lpon ota” pansionatida “PENCHAK SILAT” (qo‘l va oyoq jangi) sport turi bo‘yicha “Qirg‘iziston javohiri” VII Xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
Ushbu musobaqada Zarbdor tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabi to‘garagi rahbari Sarvinoz Hamidova O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida muvaffaqiyatli ishtirok etib, ayollar o‘rtasida 80 kilogramm vazn toifasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Zarbdorlik Barchinoy – Sarvinoz Hamidova Qozog‘iston, Turkmaniston va Qirg‘iz Respublikalari nomidan musobaqada qatnashgan raqiblarining barchasini mag‘lubiyatga uchratishni uddasidan chiqdi va musobaqaning oltin medali hamda oltin tasmasi bilan taqdirlandi.
Sarvinozning erishgan g‘alabasi sharafiga O‘zbekiston davlat madhiyasi yangrab, yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarildi.
Shuningdek, Sarvinoz Hamidova mazkur xalqaro turnirda hakam sifatida ham qatnashib “Xalqaro toifadagi hakam” sertifikatiga ham ega bo‘ldi.
A.QAYUMOV, O‘zA