Zarbdorda suvni tejashga bag‘ishlangan seminar
Jizzax viloyatida suv resurslaridan oqilona foydalanish va sug‘orish samaradorligini oshirish masalalari yana bir bor amaliy sinovdan o‘tdi.
Zarbdor tumanidagi DM-2 kanali PK-216 piketida “Zomin” irrigatsiya tizimi boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan seminar sohadagi dolzarb masalalarga yechim izlashga qaratildi.
Mazkur tadbir mamlakatimizda suv xo‘jaligini modernizatsiya qilish va boshqaruv samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi sifatida namoyon bo‘ldi. Xususan, Prezidentimizning 2019-yil 9-oktabrdagi “Suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020-yil 10-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonlarida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning joylarda izchil tatbiq etilayotgani ushbu amaliy muloqotda yaqqol ko‘zga tashlandi.

Bugungi kunda mamlakatimizda umumiy suv resurslarining asosiy qismi qishloq xo‘jaligi ehtiyojlariga yo‘naltirilayotgani, shu bilan birga sug‘orish tarmoqlarida ma’lum miqdorda yo‘qotishlar saqlanib qolayotgani sohada samaradorlikni oshirishni hayotiy zaruratga aylantirmoqda. Shu nuqtai nazardan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, kanallar va tarmoqlarning texnik holatini yaxshilash, hisob-kitob va nazorat tizimini kuchaytirishga bugungi kunning eng ustuvor vazifalaridan biri sifatida qaralmoqda.
Seminarda soha mutaxassislari va tizim xodimlari ishtirok etib, suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, irrigatsiya tarmoqlari samaradorligini oshirish kabi masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. Ilmiy tahlil va amaliy tajriba uyg‘unligida kechgan muhokamalar har bir tomchi suv ortida ulkan mas’uliyat mujassam ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Mutaxassislar tomonidan o‘tgan yillar tajribasi sinchkovlik bilan tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va tizimdagi mavjud muammolar ochiq-oydin muhokama qilindi. Natijada suv yetkazib berish samaradorligini oshirish, sug‘orish tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan aniq va manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Ayniqsa, vegetatsiya mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, mas’ullar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash, joylarda nazoratni yanada kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi. Chunki intizom va hamkorlik suv xo‘jaligida yuqori samaradorlikka erishishning eng muhim omillaridandir.
Seminarda ko‘p yillar davomida sohada fidokorona mehnat qilib kelayotgan faxriy suvchilarga alohida ehtirom ko‘rsatilib, ularning xizmatlari munosib e’tirof etildi.
Bunday amaliy tadbirlar suv resurslarini samarali boshqarish, zamonaviy yondashuvlarni hayotga tatbiq etish va, eng muhimi, kelajak avlod uchun suv ne’matini asrab-avaylash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. Zero, suv bugunning boyligigina emas, balki ertaning mustahkam kafolatidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA