Zarafshonlik yoshlar xitoy tilini o‘rganadi
Zarafshon shahridagi “Yulduz” madaniyat uyida shahar sektor rahbarlari va xitoylik mehmonlar, shuningdek, zarafshonlik xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqqan o‘quvchi yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda Zarafshon shahar hokimligi va xitoylik hamkorlar ishtirokida tashkil etilgan “China Manor Spring” MCHJ o‘rtasida shaharda istiqomat qilayotgan yoshlarga xitoy tilini beg‘araz o‘rgatish maqsadida Memorandum imzolandi.

Memorandumda Zarafshon shahrida istiqomat qiluvchi 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarga beg‘araz ravishda xitoy tili o‘rgatish belgilangan.

Uchrashuvda shahar hokimi Nazirbek Rahmonov va “China Manor Spring” MCHJ direktori Chjung Ping so‘zga chiqib, yoshlarning dunyoqarashi, intellektual salohiyati, ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, yuksak kasbiy bilim va mahoratni egallagan, ijodkor, tashabbuskor va mustaqil qaror qabul qila oladigan yoshlarni tarbiyalash bugungi kunning asosiy vazifalaridan biri ekanligini ta’kidladi.

Uchrashuv so‘nggida “China Manor Spring” MCHJ direktori tomonidan xitoy tilini o‘rganishga qiziquvchi faol yoshlarga badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri