Zangiotada ishlab chiqarish tarmoqlari rivojlanmoqda
So‘nggi yillarda Toshkent viloyatidagi ishlab chiqarish tarmoqlari faoliyati rivojlantirilib, sifatli mahsulot ishlab chiqarish va aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor berilyapti.
Xususan, Zangiota tumanida ham samarali faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar safi kengaymoqda.
Toshkent viloyati va Zangiota tumani hokimliklari axborot xizmati tomonidan mazkur jarayonlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi.
Dastlabki manzil “Bo‘zsuv” hududida joylashgan sut va sut mahsulotlarini qayta ishlovchi “Melek Best Milk Agro” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi. Mazkur korxona 3 yildan ortiqroq vaqt mobaynida 50 turdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
Ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Abdurahmon Abdug‘ofurovning aytishicha, mahsulotni qayta ishlovchi uskunalar Turkiya davlatidan keltirilgan. Bu yerda kuniga o‘rtacha 30-35 tonna sut qayta ishlanadi. Qadoqlangan mahsulotlar asosan ichki bozorlarga chiqariladi. Kelgusida chetga eksport qilish ham rejalashtirilyapti. Ayni paytda korxonada yuzdan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Shunga qo‘shimcha ravishda yana yuzta yangi ish o‘rni yaratish belgilangan.
Korxona qoshidagi xo‘jalikda ming boshdan ziyod Germaniyadan keltirilgan qoramol boqilyapti. Ularning har biridan kuniga o‘rtacha 25-30 litr sut olinadi.
Shuningdek, jurnalistlar o‘yinchoq ishlab chiqaruvchi “KIDDI TOYS GROUP” korxonasida ham bo‘ldi. Hozir bu yerda Belarus davlati bilan hamkorlikda 200 dan ortiq turdagi yelim o‘yinchoqlar tayyorlanadi. Mahsulotlarning 30 foizi chetga eksport qilinyapti.
[gallery-3382]
– O‘yinchoq qoliplari xorij davlatidan olib kelingan, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Nozim Muzaffarov. – Mahsulotlar ichki bozordan tashqari asosan, Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus kabi davlatlarga ham eksport qilinadi. Kelajakda robototexnika o‘yinchoqlari ishlab chiqarish ham maqsad qilingan. Ayni paytda yuz nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan. Ularning ko‘pchiligi “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”ga kiritilganlardir.
Shuningdek, hududdagi “Keng makon” mebel ishlab chiqarish fabrikasi ham jurnalistlar nigohidan chetda qolmadi. Korxona qariyb 30 yillik faoliyatida ko‘plab mijozlar ishonchini qozongan. Bu yerda 300 ga yaqin ishchi mehnat qilyapti. Korxonada 250 dan ortiq turdagi mebel mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
– Mahsulotlar asosan ichki bozorlarga, shu bilan birgalikda, Italiya, Turkiya hamda qo‘shni davlatlarga eksport qilinadi, – deydi korxona rahbari Hikmat Rahimov. – Raqobatbardosh mebellar yaratish uchun ba’zi xomashyolar xorij davlatlaridan keltiriladi. Maqsad, sifatli mahsulot yetkazib berishdir.
O‘tgan yilda MCHJ tomonidan qariyb 19,5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning dastlabki 6 oyida 15 milliard so‘mdan oshdi. Korxona zamonaviy uskunalar bilan ta’minlangan. Bu esa o‘z navbatida ishchilarga qulaylik yaratgan.
Tumanda turli yoshdagi bolalar uchun kiyim-kechalar tayyorlashga ixtisoslashgan “Takro Osiyo” fabrikasi mamlakatmizda eng yirik ishlab chiqarish tarmoqlaridan hisoblanadi.
– Mahsulotlar asosan eksport uchun tayyorlanadi, – deydi korxona rahbari o‘rinbosari Abduvali Azimov. – Shunday bo‘lsada, so‘nggi ikki yilda aholining talablaridan kelib chiqib ichki bozorlarda ham mahsulotimiz sotuvini yo‘lga qo‘ydik.
Asosiy xaridorlar Angliya, Rossiya, Polsha hamda Qozog‘iston davlatlaridir. Korxonada 250 dan ortiq ishchi faoliyat olib borayotgan bo‘lib, aksariyati yoshlardan iborat. Bu yerda hodimlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Shu bilan birga yotoqxona, qatnov uchun transport vositasi yo‘lga qo‘yilgan.
Press-tur davomida jurnalistlar tadbirkorlar va ishchilar bilan suhbatlashdi.
A.Musayev, O‘zA