Zamonaviy yondashuv, tajriba va amaliyot
Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillaridan iborat delegatsiya yurtimizda mehmon bo‘lib turibdi. Xorijlik mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga tashrif buyurdi.
Tomonlarning tor doiradagi uchrashuvida kun tartibidagi asosiy masala – ta’lim sohasida hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirish va manfaatli aloqalarning boshqa dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov O‘zbekiston va Belarus Respublikalarining hamkorligi ko‘plab sohalarda jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan e’tirof etdi.
– Ta’lim samaradorligiga erishish borasida muhim qadamlarni tashladik. Joriy yilning mart oyida Minsk shahrida o‘tkazilgan uchrashuvlar chog‘ida ilg‘or tajribalarni ommalashtirish yuzasidan istiqbolli kelishuvlarga erishilgan edi. bugungi muloqotimiz o‘zaro hamkorlik aloqalarining muhim jihatlariga qaratilgani bilan yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi, – dedi R.Xatamov.
Ta’kidlab o‘tilganidek, ta’lim sohasidagi tajriba almashinuvi ta’limga innovatsion yondashuvlarni keng tatbiq etish, jinoyatchilikka qarshi kurashishning ilg‘or metodlarini o‘rganish, umuman, ichki ishlar organlari uchun yetuk salohiyatli kadrlar tayyorlashga yo‘l ochadi. Bugun kiberolam bilan bog‘liq turli xatarlar, odam savdosi, terrorizm, radikalizm singari jinoyatlar global xavf tug‘dirmoqda. Zamonaviy tahdidlarning tobora kuchayib borayotgani esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini professional mutaxassislar bilan ta’minlashni taqozo etadi.
– Hamkorlik memorandumi asosida tashkil etilayotgan master-klass mashg‘ulotlari har ikki tomon uchun ham foydali bo‘lmoqda, – dedi Belarus Respublikasi IIV akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari, militsiya polkovnigi Pavel Gridyushko. – Muhimi, tajriba almashinuvini yanada ravnaq toptirishda intilish va maqsadimiz mushtarak. bugungi tashrifdan O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi faoliyatini yaqindan o‘rganishni maqsad qilganmiz.
Muloqot davomida o‘zaro almashuv (paritet) asosida Belarus va O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyalari kursantlari uchun bir oylik o‘quv-seminar mashg‘ulotlarini tashkil etish, dolzarb mavzularda ikki tomonlama master-klass mashg‘ulotlarini o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasida kriminalistik laboratoriyalar tashkil etib, kriminalistik ekspertizalarni o‘tkazish bo‘yicha o‘qitish metodikalarini yaratish, professor-o‘qituvchilarimiz uchun Belarus Respublikasi IIV akademiyasida o‘n kunlik pedagogik mahorat oshirish kurslarini tashkil etish, kursantlarni kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va ushbu turdagi jinoyatlarni tergov qilish dasturlari bo‘yicha o‘qitish, zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda masofaviy ilmiy konferensiyalar, seminar-trening mashg‘ulotlarini tizimli tashkil etish, Belarus Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining tajribali professor-o‘qituvchilarini O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi o‘quv jarayoniga uzoq muddatli jalb etish borasida fikr almashildi. Tomonlar hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini kelishib oldilar.
Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari Ichki ishlar vazirligi akademiyasining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. O‘quv jarayonini monitoring qilish markazining zamonaviy imkoniyatlari mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi. Pavel Gridyushko kriminologiya fanidan ma’ruza mashg‘ulotini tajriba tariqasida kuzatib, ta’lim sifatini innovatsion metodlar yordamida rivojlantirishga qaratilgan yondashuvlarga yuqori baho berdi. Shuningdek, Axborot-resurs markazi, professor-o‘qituvchilar va kursantlarning ilmiy tadqiqot faoliyatini olib borishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, kasbiy va jangovar-jismoniy mashg‘ulotlar, Akademiya tarixi muzeyi belaruslik mutaxassislarda yorqin taassurot qoldirdi.
Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya a’zolari o‘quv tezkor-tergov guruhlari uchun maxsus jihozlangan avtobuslarni ko‘zdan kechirdi. Sayyor sinfxona hamda kriminalistik ekspertizalarni o‘tkazishga mo‘ljallangan mazkur avtotransport vositalari zarur jihozlar va innovatsion texnologiyalar bilan ta’minlangan. Bu esa kursantlarning jinoiy hodisa sodir bo‘lgan joyda amaliyot xodimlari bilan hamkorlikda kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ta’lim jarayoniga tatbiq etilgan bu yondashuv xorijlik mehmonlar uchun yangilik bo‘ldi.
Akademiya professor-o‘qituvchilari va kursantlari uchun tashkil etilgan master-klass mashg‘ulotida Belarus Respublikasi IIV akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Pavel Gridyushko hamda Jinoyatlarni tergov qilish kafedrasi boshlig‘i, militsiya podpolkovnigi Tatyana erba tergovchi faoliyatini tashkil etish, bank-to‘lov kartochkalari yordamida talon-toroj qilish jinoyatini tergov qilish metodikalari bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, tashrif doirasida Belarus Respublikasi IIV akademiyasi vakillari poytaxtimizdagi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab internati, Jamoat xavfsizligi universiteti hamda Bosh prokuratura akademiyasida bo‘lib, master klass mashg‘ulotlarini o‘tkazadilar.
Jamshid XOLOV,
IIV Akademiyasining Axborot xizmati xodimi