Zamonaviy xavfsizlik o‘quv markazi ishga tushdi
Guliston shahrida Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Hayot faoliyati xavfsizligi o‘qitish markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan mazkur markazda aholi, yoshlar, tashkilot va muassasalar xodimlariga favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish ko‘nikmalari o‘rgatiladi.
Yangi o‘quv maskanida ta’lim oluvchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Markaz virtual reallik (VR) ko‘zoynaklari, turli favqulodda vaziyatlarni amaliyotda modellashtirish imkonini beruvchi simulyatsiya xonalari, tibbiyot xonasi hamda maxsus labirintlar bilan jihozlangan.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari — Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi departamenti boshlig‘i, polkovnik Xurshid Sotiyev, Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev, tizim faxriylari, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, markaz viloyatda hayot faoliyati xavfsizligi bo‘yicha zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga ixtisoslashgan yagona o‘quv maskani hisoblanadi.

Bu yerda nazariy bilimlar amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtiriladi. Simulyatsiya xonalarida yong‘in, zilzila, tutun tarqalishi va boshqa favqulodda holatlar shartli ravishda modellashtirilib, ta’lim oluvchilarning murakkab vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalari shakllantiriladi. Virtual reallik texnologiyalari esa real vaziyatlarga yaqin sharoitda mashg‘ulot o‘tkazish imkonini beradi.

Tibbiyot xonasida birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilsa, maxsus labirintlarda murakkab va cheklangan muhitda harakatlanish, xavfsiz chiqish yo‘llarini topish hamda favqulodda holatlarda sarosimaga tushmasdan harakat qilish ko‘nikmalari mustahkamlanadi.
— Inson favqulodda vaziyatga tushganda xavfsizlik qoidalarini bilishi bilan birga, ularni amalda qo‘llay olishi ham muhim. Markazda nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa turli xavfli holatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirishda yordam beradi, — dedi vazir o‘rinbosari.

Markazda favqulodda vaziyatlar tizimi xodimlari bilan bir qatorda korxona va tashkilotlar mas’ullari, ta’lim muassasalari vakillari, yoshlar hamda keng jamoatchilik uchun ham o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Tadbir doirasida «Raqamli profilaktika» dasturi doirasida Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali professor-o‘qituvchilari hamkorligida ishlab chiqilgan elektron platforma taqdimoti ham o‘tkazildi.

Mazkur raqamli loyiha favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholining xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish va zarur bilimlarni zamonaviy texnologiyalar asosida yetkazishga qaratilgan. Elektron platforma orqali xavfsizlik qoidalari, amaliy tavsiyalar va o‘quv materiallaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Yangi o‘quv markazining ishga tushirilishi viloyatda aholi va yoshlarni favqulodda vaziyatlarga tayyorlash, ularning xavfsizlik madaniyatini oshirish va turli xavf-xatarlarning oldini olish borasidagi samaradorligini ta’minlash uchun zarur sharoit yaratadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri