Zamonaviy va tejamkor mototsikllar
Samarqanddagi “Elxolding” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi ta’lim muassasalari uchun o‘quv-laboratoriya jihozlari ishlab chiqarish bilan e’tibor qozongan bo‘lsa-da, keyingi yillarda korxonada tayyorlanayotgan uch g‘ildirakli mototsikllarga ham talab ortmoqda.
Prezidentimizning 2011-yil 29-iyuldagi “Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha 2011-2013-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarishda korxona imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Mototsikl uchun butlovchi qismlarning aksariyati korxonaning o‘zida tayyorlanmoqda. Ayni paytda yiliga yetti ming dona mototsikl ishlab chiqarilayotir.
– Yuk ko‘tarish quvvati 650 kilogramm bo‘lgan mazkur transport vositasi yuz kilometr masofaga 3 litr yoqilg‘i sarflaydi, – deydi korxona bosh muhandisi Shermamat Tojiyev. – Bu fermerlar uchun juda qulay. Shu bois mahsulotimizga talab tobora ortib bormoqda. Yangi turdagi mototsikllar MDH mamlakatlariga ham eksport qilinmoqda.
2015-yildan boshlab korxona “GM-Uzbekistan” kompaniyasi bilan hamkorlikda mototsikllar uchun motorni shu yerning o‘zida tayyorlashni rejalashtirmoqda.
Mahalliylashtirish dasturi asosida hozirda birlashmada g‘alla ekish seyalkalarini tayyorlash ham yo‘lga qo‘yildi.