Kuni kecha Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahridagi Paxtazor mahallasida barpo etilgan 2 ta 7 qavatli jami 84 xonadonga mo‘ljallangan zamonaviy uy-joylar foydalanishga topshirildi.
Loyihaning umumiy qiymati 25 milliard so‘mni tashkil etgan.
Ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu uylarning aksariyati uy-joyga muhtoj oilalarga subsidiya va uzoq muddatli kredit asosida berildi. Shuningdek, tadbirkor tomonidan 6 ta xonadon ehtiyojmand oilalar uchun ajratilib, bitta xonadonning kaliti o‘z egasiga tantanali topshirildi. Tadbirda viloyat hokimi Murotjon Azimov ham ishtirok etib, yangi uylarda yashovchi aholi xonadonlarida bo‘ldi, ular bilan suhbatlashdi va hududda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Qurilish jarayonida hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholiga qulay va zamonaviy sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Uylar oldida favvoralar, dam olish o‘rindiqlari va bolalar maydonchalari barpo etilgan. Ko‘chalar asfaltlanib, piyodalar yo‘laklari qurilgan, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Manzarali daraxtlar ekilib, yashil maydonlar tashkil etilgan. Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida kuzatuv kameralari ham o‘rnatilgan.
Tadbir doirasida “Mirjamol Shohrux qurilish savdo” MCHJ tomonidan korxonada o‘n yildan beri samarali faoliyat olib borayotgan ikki nafar xodimga “Kobalt” avtomobili sovg‘a qilindi.
[gallery-25352]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbiri