Zamonaviy uskunalar – ishlab chiqarish rivojiga xizmat qilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi Chordara mahallasida joylashgan “Safarboy maxsim” oilaviy korxonasida matras va mebel jihozlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
2021-yilda faoliyat boshlagan korxonada bugungi kunda o‘n nafarga yaqin fuqaroning bandligi ta’minlangan. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga talab ortib borayotgani korxona faoliyatini kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va yangi buyurtmalarni qabul qilish imkonini bermoqda.
Tadbirkor Nodirbek Safarniyozov dastlab mebel jihozlari uchun zarur buyumlar savdosi bilan shug‘ullangan. Keyinchalik ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaror qilib, faoliyatini bosqichma-bosqich kengaytirdi. Xususan, 2023-yilda Germaniya va Xitoydan matras to‘qishga mo‘ljallangan zamonaviy uskunalar keltirilib, ishlab chiqarish jarayoniga joriy etildi.
Natijada mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatlari kengayib, bozor talabiga mos, sifatli va xaridorgir mahsulotlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Bu esa buyurtmalar hajmining ortishiga xizmat qilmoqda.
[gallery-32183]
Mazkur oilaviy korxona faoliyati mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish va aholi bandligini ta’minlash borasidagi amaliy ishlarga misol bo‘la oladi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA