Zamonaviy tibbiyot punkti ishga tushdi
Prezident topshirig‘i – amalda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘tgan yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim ishlar, ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan qator topshiriq va vazifalarni belgilab bergan edi.
Belgilangan topshiriq va vazifalardan kelib chiqqan holda Buxoro viloyati tumanlarining olis hududlarida mavjud tibbiyot punktlari yangilanib, ular zarur jihoz va vositalar bilan ta’minlanmoqda.

Joriy yilda Qorako‘l tumanida ham birlamchi tibbiy sanitariya va ambulator xizmati sifatini ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida tuman markazidan olis, chekka hududlardagi mavjud qator binolar qayta rekonstruksiya qilindi. Ular tuman hokimligi va tibbiyot birlashmasi hamkorligida tibbiy jihozlar, asbob-uskunalar, aloqa hamda internet aloqasi bilan ta’minlandi.
Maqsad aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish hamda tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirishdir.
Ana shunday sa’y-harakatlar tufayli mukammal ta’mirdan chiqarilgan Yangi zamon mahallasi tibbiyot punkti ham aholi va tibbiyot xodimlari ixtiyoriga topshirildi.

Mazkur mahalla tibbiyot punkti hududdagi 1112 ta xonadon va ularda yashovchi 4400 nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Mahallaning oldingi ma’muriy binosida joylashgan punkt joriy yilda kapital ta’mirdan chiqarilgan. Bunda o‘z xizmat faoliyatini olib borayotgan umumiy amaliyot vrachi va 9 nafar o‘rta tibbiyot xodimi zarur uskunalar bilan ta’minlangan.
– Kundalik qabul uchun umumiy 50 quvvatga mo‘ljallangan muassasa xodimlari tomonidan aholi salomatligi bilan birga, hududdagi 47 nafar nogironligi bo‘lgan, 83 nafar bir yoshgacha bo‘lgan chaqaloq, qirqqa yaqin homilador ayol, shuningdek, yakka-yolg‘iz, tibbiy xizmatga muhtoj fuqarolar, o‘n nafar onkologik kasallikka chalinganlar, boshqa dispanser nazoratiga olingan jami 306 nafar fuqaroga tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda, – deydi Qorako‘l tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Feruz Tongatarov. – Yaqin-yaqingacha 55-sonli oilaviy poliklinika filiali sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan maskan o‘tgan yildan tibbiyot punkti ko‘rinishida aholi salomatligini saqlashga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbarining tibbiyot sohasiga oid tashabbus va topshiriqlarida asosiy e’tibor aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy xizmatni takomillashtirish, ularning moddiy texnika bazasini mustahkamlash hamda aholiga birlamchi tibbiy xizmatni yanada yaqinlashtirishga qaratilganligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, ramziy lenta qirqilib, tadbir ishtirokchilari muassasada yaratilgan sharoitlar va tibbiy asbob-uskunalar bilan tanishdi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov qatnashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari