Zamonaviy rentgen apparati aholi xizmatida
Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi bolalar shifoxonasiga Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash fondi (KOFIN) tomonidan zamonaviy “DIAMOND-5A” rentgen apparati taqdim etildi.
Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi bolalar shifoxonasiga Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash fondi (KOFIN) tomonidan zamonaviy “DIAMOND-5A” rentgen apparati taqdim etildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda KOFIN fondi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, tuman hokimligi mas’ullari, shifokorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya muhim strategik sheriklar ekani, ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, yoqilg‘i-energetika, kimyo, tog‘-kon sanoati, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, transport va logistika, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, tibbiyot, turizm, fan-ta’lim va madaniyat kabi ko‘plab sohalar bo‘yicha aloqalar tobora rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
Darhaqiqat, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda. Prezidentimizning Koreya Prezidentining taklifiga binoan 2017 yilning 22-24 noyabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘lishi bu boradagi hamkorlik rivojining yangi davrini boshlab berdi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida sog‘liqni saqlash, kelajak avlod salomatligini muhofaza qilish borasida ham yaqin hamkorlik o‘rnatilgan.
Jumladan, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi “KOFIN” Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash fondi, “Save the children”, “Vision Care”, “Siloam Center for the Blind” xayriya tashkilotlari hamda “Ewha Womans University”, “INHA”, “BUNDAN CHA” universitetlari gospitallari kabi bir qator sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi muassasa va tashkilotlar bilan hamkorlik qilayotir.
2006 yilda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va Koreya xalqaro fondi – doktor Li Jong Vuk xotira fondi o‘rtasida uzoq istiqbolli shartnoma imzolangan edi. O‘sha yili “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bilan O‘rta Chirchiq tumani bolalar shifoxonasini rekonstruksiya qilish va tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash borasida 500 ming dollar miqdoridagi hamkorlik kelishuvi imzolandi. Bu tibbiy muassasada o‘sha yiliyoq yuqori lablar va tanglay kengayishi tashxisi qo‘yilgan bolalarda jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
2007 yilda 65 o‘rinli mazkur bolalar shifoxonasi “KOFIN” xalqaro tashkiloti ko‘magida jahon talablariga mos ta’mirlanib, o‘tgan yillar mobaynida UTT, rentgen apparati, reanimatsiya uchun IVL apparati, elektroatsos, monitorlar, pulsooksimetr, difibrilyator, infuzion nasos, negitoskop, EKG kabi tibbiy vositalar bilan beg‘araz ta’minlandi.
Muxtasar aytganda, 2015-2019 yillar mobaynida “KOFIN” xalqaro tashkiloti tomonidan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondiga 8 marotaba qiymati 246 ming dollar bo‘lgan muruvvat yuklari qabul qilingan.
Mehmonlar bolalar shifoxonasi faoliyati, unda bemor bolalarning davolanishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.