Zamonaviy rahbar qanday bo‘lishi kerak?
Axborot asrida yashar ekanmiz global siyosiy-ijtimoiy tendensiyalar barcha sohalarda innovatsiyalarni joriy qilishni talab etmoqda. Zamonaviy menejment, ijtimoiy boshqaruv tizimi oldiga ham yangi talablarni qo‘ymoqda.
Innovatsion tafakkurga ega, tashabbuskor, xarizmatik rahbarlarni tayyorlash tizimini yaratish yangilanayotgan O‘zbekistonning strategik vazifalaridan hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Rahbarlar faqat davlatga emas, avvalo, inson va oilaga, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilishi kerak."
Adolatli boshqaruv, adolatli jamiyat g‘oyasi azaldan ijtimoiy tafakkur diqqat markazida bo‘lgan. Platon, Aristotel, Erazm Rotterdamskiy, Forobiy, Alisher Navoiy, Volter, Russo, Sharl Monteskyo, Jon Lokk, Nikollo Makiavelli, Tommazo Kampanella, Tomas Gobbs, Maks Veber asarlarida boshqaruv qarorlarini qabul qilish, siyosiy iroda, hokimiyatni adolatli taqsimlash, rahbar ma’naviyati masalalari ilmiy-falsafiy talqin qilinadi.
Huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati, hokimiyat bo‘linishi tamoyili nazariyotchilaridan biri Jon Lokk davlatning kelib chiqishini barcha fuqarolarning roziligi bilan tuzilgan o‘zaro kelishuv faraziga asoslaydi. Umumiy erkinlik, rahbar adolatparvarligi, insonlar cheksiz hokimiyatning o‘zboshimchalik va injiqligiga emas, faqat qonunlarga bo‘ysunishi, despotizm holatida har kim o‘z huquqini himoya qilish erkinligining buzilishi, suveren huquqlar muammolarini tahlil qiladi.
Boshqaruvda rahbarning shaxsiy fazilatlari katta ijtimoiy ahamiyatga ega. Boshqaruv qarorlarini qabul qilish, boshqalarga ta’sir ko‘rsata olish siyosiy iroda, ijtimoiy intellekt, ma’naviy-axloqiy bilimlarni talab qiladi.
Shu o‘rinda ulug‘ sohibqiron, markazlashgan davlat asoschisi, taktik va strategik bilimlar sohibi Amir Temurning boshqaruvga oid fikrlarini keltirish joiz:
“Ochiq yuzlilik, rahm-shafqat bilan xalqni o‘zimga rom qildim. Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroqda bo‘lishga intildim.
Men sifatlarimning eng avvalgisi deb beg‘arazlikni tushundim. Hammaga bir xil: jiddiy va odil qaradim, hech bir kimsani boshqasidan farq qilmadim, boyni kambag‘aldan ustun qo‘ymadim.
Yaxshilarga yaxshilik qildim, yomonlarni esa o‘z yomonlariga topshirdim. Kim menga do‘stlik qilgan bo‘lsa do‘stligi qadrini unutmadim va unga muruvvat ehson, izzatu ikrom ko‘rsatdim”.
Mamlakatimizda davlat xizmati tizimini takomillashtirish sohasidagi ma’muriy islohotlarning samaradorligi rahbarning kasbiy tayyorgarlik darajasi, professional kompetensiyalari, shaxsiy fazilatlari va manfaatlarining davlat manfaatlari bilan uyg‘unligiga bog‘liq.
Ijtimoiy-ma’naviy barqaror korporativ muhitni yaratishda menejment, andragogika, ijtimoiy pedagogika, boshqaruv psixologiyasi uslublaridan foydalanish yaxshi samara beradi. Haqiqiy yutuqqa erishish uchun qadriyatlarni e’lon qilish yetarli emas, ularni korporativ boshqaruvga izchil tatbiq etish zarur.
Mohira Xoliqova,
Toshkent shahar pedagoglarni
yangi metodikalarga o‘rgatish
milliy markazi direktori,
falsafa doktori, dotsent
O‘zA