Zamonaviy o‘qituvchi qanday tayyorlanadi?
Toshkent shahrida Britaniya Kengashi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti hamkorligida “O‘zbekistonda ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash tizimidagi islohotlarni jadallashtirish” mavzusida Milliy forum bo‘lib o‘tmoqda.
23-24-iyun kunlariga mo‘ljallangan forum mamlakatda pedagog kadrlar tayyorlash tizimini xalqaro standart asosida takomillashtirish, bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash sifati va samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan.

Anjumanning asosiy mavzularidan biri sifatida Britaniya Kengashi AELLCA dasturi doirasida ishlab chiqilgan PRESETT – bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlashga ixtisoslashgan yangi milliy o‘quv dasturi muhokama qilinyapti. Tadbir davomida taqdim etilgan ushbu dastur endi respublika pedagogika oliy ta’lim muassasalarida joriy etiladi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, zamonaviy pedagogik yondashuv, inklyuziv ta’lim, raqamli baholash va SI texnologiyasini o‘zida mujassam etgan PRESETT yangi avlod ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlashga xizmat qilishi kutilyapti.

Forum doirasida pedagogika ta’limini takomillashtirish, o‘quv dasturlarini yangilash, baholash tizimini muvofiqlashtirish va o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha fikr almashilmoqda. Tadbir mamlakat ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasidagi muhim muloqot maydoni sifatida e’tibor qozonmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA