Zamonaviy marketing – yutuqlar omili
Termizda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Korporativ boshqaruv va zamonaviy marketing” mavzuida o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Termizda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Korporativ boshqaruv va zamonaviy marketing” mavzuida o‘quv-seminar o‘tkazildi.Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi, viloyat fermerlar kengashi, “Tadbirkor ayol” uyushmasi viloyat bo‘limi vakillari va tadbirkorlar ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sh.Boyqulov va boshqalar mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yurtimiz obodligi va xalqimiz farovonligini ta’minlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Ishbilarmonlik muhiti sifat jihatidan yaxshilanib, sohaga yangi imtiyozlar berilayotgani samarasida iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanib, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik salohiyati yuksalmoqda. Ayni paytda viloyatda 12 mingga yaqin kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan raqobatbardosh, arzon tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilib, sifatli servis xizmati ko‘rsatilayotir.
O‘quv-seminar ishtirokchilari korporativ boshqaruvning mazmun-mohiyati, bozor imkoniyatini tahlil qilish, marketing kompleksini ishlab chiqish, maqsadli bozorni tanlab olish, marketing ishlarini hayotga tatbiq etish xususida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldi.
– Mamlakatimizda xususiy sektorni jadal rivojlantirishning uzoq muddatli istiqbollari belgilab olingani tadbirkorlar huquqi va ularning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga e’tiborni yanada kuchaytirdi, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi qoshidagi “Surxon ta’lim va biznes” o‘quv markazi rahbari S.Qurbonov. – Bu ishbilarmonlar doirasining huquqiy va iqtisodiy bilimini oshirib, ularning zamonaviy boshqaruv tizimlari, marketing strategiyalari va ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etishiga ko‘maklashishni taqozo etmoqda. Shu bois tadbirlarda xususiy sektor vakillarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishga alohida ahamiyat bermoqdamiz.