“Zamonaviy maktablar” da nimalar oʻzgaradi?
Jamiyat ravnaqi unda yashayotgan insonlarning aql zakovati, yuksak madaniyati, saviyasi va madaniyatiga bogʻliq.
Jamiyat ravnaqi unda yashayotgan insonlarning aql zakovati, yuksak madaniyati, saviyasi va madaniyatiga bogʻliq. Shunday ekan yosh avlodni mukammal bilim olishini taʼminlash, ularga kerakli sharoitlarni yaratish, qolaversa egallagan bilim va koʻnikmalarini hayotga tatbiq etish buguning muhim vazifalaridan biridir.
Taʼtil kunlari boʻlishiga qaramay, yurtimizdagi qator maktablarda taʼmirlash ishlari qizgʻin davom etmoqda. Ulardan biri poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 22-umumtaʼlim maktabidir.
-Sebzor mahallasida joylashgan bu maktab koʻz oʻngimda uchinchi marta oʻzgarmoqda,- deydi maktab vasiylik kengashi aʼzosi Iroda Karimova.- 1980-yilda barpo etilgan bu maktab oldin ham taʼmirlangan edi. Yanada zamonaviy shaklda taʼmirlangan, soʻnggi andozadagi texnologiyalar bilan jihozlangan maktabda bilim olgan bolalar maktabni va ota-onalarini ishonchini oqlashiga ishonaman. Oʻtgan yillarda taʼlim olgan oʻquvchilarning juda koʻpchiligi yurtimiz va xorijdagi yirik oliygohlarda tahsil olib, el-yurt koriga yaraydigan insonlar boʻlib yetishgan.
“Zamonaviy maktab” loyihasi asosida taʼmirlanib, yangi qiyofaga kirayotgan mazkur taʼlim muassasasi nafaqat mazkur ilm dargohlaridagi oʻqituvchi va oʻquvchilarni, balki keng jamoatchilik vakillari, ota-onalar hamda mahalla vakillarini birdek quvontirmoqda.
-Ikki farzandim, mazkur maktabda aʼlo baholarda oʻqiydi,-deydi Rohatxon Fayziyeva. –Eskiroq, taʼmir talab boʻlib turganda televizor orqali koʻrsatilgan, jahon andozlariga mos, chiroyli maktablarni koʻrib havas qilardi. Bizni maktab ham shunday boʻlarmikan deb. Olib borilayotgan ishlarni, kutubxonalar, sport zallarni koʻrib quvondik. Barcha qulayliklarga ega maktabda tahsil olgan farzandlarimiz, sogʻlom va jismonan barkamol boʻlib, yurtimizga munosib xizmat qiladi.
Albatta, shunday zamonaviy maktabda oʻqitish tizimi qanday boʻlishiga qiziqishingiz tabiiy. 1060 oʻringa moʻljallangan, mazkur maktabda ayni vaqtda 1100 nafar oʻquvchi taʼlim olmoqda. Ushbu taʼlim maskani ishini tubdan qayta tashkil etishda Prezident maktablari tajribasidan foydalanib, sifat-mazmun va tashqi koʻrinish uygʻunligi asosida ishlar davom ettirilmoqda.
Maktab maʼmuriyatidan maʼlum qilishlaricha, 22- maktab Toshkent davlat sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Oʻquvchilarga arab tili chuqurlashtirilgan tarzda oʻtiladi.
-Joriy yilning yanvarida oʻquvchilarimizning “Quyoshdan quvvat ol” loyihasi Birlashgan Arab Amirliklarining nufuzli Zayed Sustainability Prize tanlovida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida yuqori oʻrin oldi, - deydi maktab direktorini oʻrinbosari Gulbahor Zafarova. - Tanlovning beshta yoʻnalishiga dunyoning 129 davlatidan vakillar ishtirok etgan. 2008-yildan buyon oʻtkazilayotgan tanlovning sovrin jamgʻarmasi 3 million dollar boʻlib, har yili sogʻliqni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligi, suv taʼminoti, energetika va global maktablar yoʻnalishlarida barqaror rivojlanish boʻyicha eng yaxshi loyihalar taqdirlanadi. Pandemiya tufayli yangi loyihalarimiz toʻxtab qoldi. Yangi oʻquv yilidan yangi rejalarni ishlab chiqishni boshlaymiz.
Taʼmirlash yoki zamonaviy koʻrinish bilan albatta oʻquvchilarning bilimi oshib ketmaydi. Buning uchun oʻqituvchilardan alohida yondashuv, yangicha takliflar talab etilishi ham bor gap.
- Baʼzi oʻquvchilar fanga qiziqmasa boshqalarni ham ortga tortadi, chunki oʻqituvchining asosiy vaqti boʻsh bolalar bilan ishlashga sarflanadi,-deydi maktabning matematika oʻqituvchisi Nodira Komilova.- Bunda iqtidorli bolalarga kam vaqt qoladi. Shuning uchun bunday bolalarni alohida guruhlarga toʻplab dars oʻtamiz. Shunda raqobat boʻlib, bolalarning oʻzlashtirishi yaxshi tarafga oʻzgaradi. Beshinchi sinflarga dars beraman. Fanni murakkab ekanini hisobga olib, testlar, mantiqiy savollar, rasmli jumboqlar va oʻyinlardan koʻproq foydalanaman.
Qayd etish kerakki, yurtimizda 2020-2022-yillarda “Zamonaviy maktab” loyihasi boʻyicha umumtaʼlim maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va jihozlashga ishlari davom etmoqda. Prezidentimizning talablari asosida “Zamonaviy maktab”ning darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar, badiiy va boshqa adabiyotlar bilan taʼminlanganlik darajasiga, oʻquv-tarbiya jarayoniga hamda darsdan tashqari faoliyatiga hamda rahbar va pedagog kadrlariga qoʻyiladigan vazifalar ishlab chiqilmoqda.
“Zamonaviy maktablar”ga qoʻyiladigan talablarga mos keladigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga tegishli darajadagi muvofiqlik sertifikati beriladi. Bu esa umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining rahbar va oʻqituvchilariga ish haqi hamda moddiy ragʻbatlantirishning yuqori stavkalarini qoʻllashga asos boʻladi.