Bugunning namunali maktabi qanday talab va mezonlarga javob bermog‘i kerak?
Poytaxtimizning Bektemir tumanidagi 358-maktabda tashkil etilgan respublika seminarida shu haqda so‘z bordi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ma’rifiy sohalarda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar yosh avlod uchun hech kimdan kam bo‘lmagan ta’lim sharoitlarini yaratishdek ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari joriy yilning mart oyida mazkur maktabga tashrifi chog‘ida shunday namunali faoliyat ko‘rsatayotgan bilim maskanlarining ilg‘or ish tajribasini mamlakatdagi boshqa maktablarga ham kengroq joriy etish masalasi xususida alohida to‘xtalgan edi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Bektemir tumaniga tashrifi chog‘ida tumandagi 358-sonli maktabda yaratilgan sharoitlar ta’limga qaratilayotgan e’tiborning yorqin ifodasi ekanligini alohida ta’kidlab, ushbu tajribani barcha ta’lim muassasalariga tatbiq etish yuzasidan tegishli tavsiyalar bergan edi.
Darhaqiqat, ushbu maktab ostonasiga qadam qo‘ygan har bir insonda hayrat va havas uyg‘onishi tabiiy. Zero, ushbu o‘quv dargohi Prezident maktablaridan sira qolishmasligi, unda eng zamonaviy o‘quv-uslubiy vositalari yordamida bolalarga ta’lim-tarbiya berilayotgani diqqatga sazovordir. Ayni damda bugungi kundagi islohotlar zamirida ham yurtimizdagi har bir maktab Prezident maktabidagi o‘quv-tarbiyaviy jarayonlar, shart-sharoitlar nuqtai nazaridan qolishmasligi yo‘lidagi sa’y-harakatlar mujassamdir.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tizimdagi barcha hududiy bo‘linmalarning Tarbiyaviy ishlar bo‘yicha mas’ullari ishtirokida tashkil etilgan seminar-treningda bugungi o‘quv jarayonidagi muammoli va og‘riqli jihatlarga ham batafsil to‘xtalib o‘tildi. Ularni hal etishda soha vakillari mudom mas’ul ekani qayd etildi.

– Bektemir tumanida 9 ta maktab bor edi, – dedi 358-maktabning axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi Avazbek Esonov. – Ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan ushbu maktab tumandagi 10-umumta’lim bilim dargohidir. Bu yerda o‘quvchilarning biror daqiqa bo‘lsa-da, bo‘sh vaqti qolmasligiga jiddiy e’tibor qaratiladi. Sinfxonalari eng zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlangan. O‘quvchilarni muttasil tarzda kasbga, ayniqsa, axborot texnologiyalari sohasiga yo‘naltirishga katta ahamiyat qaratilmoqda.
– Seminar bahonasida davlatimiz rahbari tashrif buyurgan ushbu maktab faoliyati bilan batafsil tanishdik, – dedi Namangan viloyati Davlatobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining mas’ul xodimi Dillola Qo‘ziboyeva. – Albatta, maktabda yaratilgan sharoit va imkoniyatlarga havasimiz keldi. Shu bilan birga pedagoglar ham bugun tashabbuskor, izlanuvchan, o‘z kasbining fidoyisi bo‘lmog‘i kerakligini zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Tadbir doirasida ishtirokchilar maktabdagi sinf xonalari, yaratilgan imkoniyatlar, robototexnika to‘garagi, laboratoriya xonalari, kutubxona, sport zali, futbol maydonlari bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, maktabda o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va xorijiy tillarni o‘qitishdagi tajribasi haqida ham batafsil ma’lumot berildi. O‘quv-seminarida zamonaviy maktabning qanday bo‘lishi kerakligi, bunda e’tibor berish kerak bo‘lgan jihatlar haqida so‘z yuritildi.
“Turon” maktab-teatri jamoasi tomonidan sahna ko‘rinishlari ham namoyish etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri