Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida investitsiya dasturi asosida loyiha qiymati 16,7 milliard so‘mlik 660 o‘rinli umumiy o‘rta ta’lim maktab binosi qurib bitkazildi.
Maktabning tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov va boshqalar ta’lim sohasida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar eng avvalo yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga qaratilganini ta’kidladi.


Tumanning Istiqlol MFY Yangi Qoraqum massivida qurib foydalanishga topshirilgan maktabda o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, ikkita jihozlangan xorijiy til xonasi, zamonaviy o‘quv laboratoriyalari, o‘quv darsliklaridan tashqari 1000 dan ortiq badiiy adabiyotlarga ega kutubxona, boshqa o‘quv jihozlari, musiqa xonasi, sport zal, ochiq havoda rezina qoplangan sport maydonchasi va sun’iy qoplamali futbol maydonchasi, tikuvchilik, ustachilik xonalari o‘quvchilar ixtiyorida.


Ta’kidlash lozimki, Yangi Qoraqum massivida 500 nafardan ortiq maktab yoshidagi bolalar mavjud bo‘lib, shu kungacha ular uzoq masofa bosib boshqa mahalladagi maktabga qatnashardi.
Ma’lumot o‘rnida tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi maktablar soni 36 taga yetdi. Shundan 34 tasi umumiy o‘rta ta’lim, bittasi ixtisoslashtirilgan, bittasi barkamol avlod bolalar maktabidir.


O‘lmas Barotov, O‘zA.