Zamonaviy konchilik texnikalari keltirildi
Navoiy kon-metallurgiya kombinatining barcha bo‘linmalarida, xususan, Shimoliy kon boshqarmasi konlarida ish jarayonlarini samarali tashkil etish uchun zamonaviy konchilik texnikasi va avtotransport vositalaridan keng foydalanilmoqda.
Texnikani “inson qanoti” deyishlari bejiz emas. Aynan zamonaviy mashinalar ish unumdorligini oshirish, xavfsiz va barqaror ishlashini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Korxonaning “Qoqpatas va Dovg‘iztov oltin konlarida ma’dan qazib olish (III navbat)” investitsion loyihasi doirasida eskirgan kon texnikasini bosqichma-bosqich yangilash ishlari olib borilmoqda. Modernizatsiya dasturi asosida olib kelinayotgan yangi texnikalar ish sifatini yaxshilash, xarajatlarni optimallashtirish va konchilik jarayonlarining uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan.

Yaqinda Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli Avtomobil transporti boshqarmasi park boshqaruviga yana ikkita zamonaviy texnika “Komatsu” rusumli buldozer va avtoag‘dargich keltirildi. Hozirgi vaqtda mutaxassislar tomonidan ularni yig‘ish va sozlash ishlari olib borilmoqda.
Mazkur texnikalar tez kunlarda “Sharqiy” konida ishga tushirilib, tog‘ jinslarini qazish va tashish jarayonlarida foydalanilishi rejalashtirilgan. Yangi uskunalarning ishga kirishi kondagi ish hajmini oshirish va ma’dan qazib olish samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan bunday yangilanish va modernizatsiya ishlari mamlakatimiz kon-metallurgiya sohasini rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda zamonaviy texnologiyalarga o‘tishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA