Zamonaviy IT shaharchasi ish boshladi
Andijon viloyati Xonobod shahrining "Kampirovvot" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida zamonaviy IT shaharchasi ish boshladi.
Soha mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirokida IT shaharchasi ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan Xonobod shahar hokimi Elyorbek Abdurahmonov va boshqalar tomonidan mamlakatimizda IT sohasini rivojlantirish, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash, xususan, Prezidentimizning yaqin yillar ichida O‘zbekistonda bir millionta dasturchi tayyorlash borasidagi topshiriq va takliflari asosida Xonobod shahrida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, IT ta’limini, axborot texnologiyalari sohasida yoshlarni kasbga tayyorlash va yo‘naltirish tizimini rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalar samarali amalga oshirilmoqda.


Yangi tashkil etilgan IT shaharchasida kompyuter savodxonligi, dasturlash, sun’iy intellekt, robototexnika, grafik dizayn va ingliz tili yo‘nalishlarida bepul o‘quv kurslar tashkil etildi.
– Hozirda bu kabi majmualar shaharning turli hududlarida tashkil etilib, samarali faoliyat yuritmoqda, – deydi Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi bosh mutaxassisi Sherzodbek Madaminov. – Yangi tashkil etilgan navbatdagi markaz zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan, barcha qulayliklarga ega. Markazda yiliga 400 nafardan ziyod 5-11 sinf o‘quvchilari raqamli texnologiyalar hamda xorijiy tillar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallash imkoniga ega bo‘ladi.


Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, bugun Andijon viloyatida yuzlab IT markazlari faoliyat olib bormoqda. Jumladan, “Andijon Digital City” texnologik parki, tuman va shaharlardagi namunali umumta’lim maktablarida tashkil etilgan “Digital school” markazlari hamda oliy ta’lim muassasalarida ochilgan “Inkubatsiya markazlari” samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Tashkil etilgan ana shu markazlarda minglab yoshlar IT yo‘nalishidagi bilim va malakalarini boyitmoqda, mutaxassis sifatida shakllanmoqda.
Shuningdek, majmuada yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida maxsus jihozlangan kutubxona, shaxmat to‘garagi hamda kovorking zonalari ishga tushirildi.


Zamonaviy bilimlarni egallash ishtiyoqida bo‘lgan yoshlar elektron ro‘yxatdan o‘tib, “IT – shaharcha”da tashkil etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil olishi mumkin.
Markazning ish boshlashi bilan 10 ga yaqin mutaxassis-o‘qituvchilar doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari