Yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlarining oldini olish hamda mavjud yer maydonlaridan qonuniy, tegishli hujjatlar asosida foydalanilishini ta’minlash maqsadida keyingi paytda kadastr idoralari faoliyati takomillashtirilmoqda. Soha uchun kadrlar tayyorlash, rivojlangan davlatlarning kadastr sohasiga oid tajribalarini o‘rganish va zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish, ma’lumotlarni raqamlashtirish ustida ish olib borilmoqda.
– Kadastr sohasi faoliyati samaradorligi birinchi navbatda topografiya-geodeziya ishlarining sifatli, aniq bajarilishiga bog‘liq, – deydi Davlat kadastrlari palatasining Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Quvondiqov. – Bizning boshqarma topografik va kartografik xaritalarni tayyorlash sektorida ham 34 nafar topograf mutaxassis faoliyat olib bormoqda. Ular boshqarma va har bir tuman, shaharga ikki nafardan to‘g‘ri keladi. Davlat kadastrlarini yuritish va boshqa topografiya-geodeziya ishlarini bajarish uchun boshqarma va uning tuman (shahar) filiallarida shu paytgacha 26 ta geodezik o‘lchov vositasi mavjud edi. Davlatimiz rahbarining 2022-yil 20-oktyabrdagi qaroriga asosan Kadastr agentligi tomonidan bizga xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan, so‘nggi rusumdagi 19 jamlanma geodezik o‘lchov asboblari berildi. Buning natijasida samaradorlik oshdi va ishlarni qisqa muddatlarda yakunlab, buyurtmachilarga taqdim etish imkoniyati kengaydi.
Boshqarma va uning tuman (shahar) filiallari topografik va kartografik xaritalarni tayyorlash sektori tomonidan kadastr buyurtmalari asosida bino-inshootlar va ularga tegishli hududlar kadastr planlarini tayyorlashdan tashqari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydanish huquqi asosida vazirlik va idoralarga yer uchastkalarni ajratish maqsadida kelishish uchun 155 ta (2 613,6 gektar) yer maydoni geodezik asboblar yordamida o‘lchanib, “YERELEKTRON” axborot almashinuv tizimiga kiritilgan. Shundan, 102 ta (2 580,1 gektar) yer maydoni bo‘yicha vakolatli organlar tomonidan ijobiy xulosalar berilgan va viloyat hokimligi tomonidan “E-Qaror” tizimi orqali yer ajratish to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan. Bu borada joriy yilning o‘tgan davrida 15 ta (38 gektar)yer maydoni geodezik asboblar yordamida o‘lchanib, “YERELEKTRON” axborot almashinuv tizimiga kiritildi.
Shuningdek, ushbu yo‘nalishda Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi “Zarafshon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasining buyurtmasiga asosan nasos stansiyalari foydalanishida bo‘lgan 453 ta suv qudug‘ining yer maydonida o‘lchov ishlari bajarilib, topografik planlari yaratildi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, boshqarma va uning tuman (shahar) filiallari tomonidan kadastr xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida ko‘chmas mulk obyektiga tegishli yer maydonlari hamda qishloq xo‘jalik yer maydonlarida o‘lchash ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, kadastr xujjatlarini rasmiylashtirish jarayonlaridan tashqari holatlarda ham buyurtmachilar bilan tuzilgan shartnomalar asosida tegishli obyektning topografik plan va xaritalari tayyorlab berilmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri