Zamonaviy darsliklar qanday boʻlishi kerak?
Taʼlim tizimi, xususan xalq taʼlimi hamisha eʼtibor markazida boʻlgan soha.
Taʼlim tizimi, xususan xalq taʼlimi hamisha eʼtibor markazida boʻlgan soha. Yurtimizda ayni vaqtda maktablardagi darsliklar, taʼlim sifati, yangiliklarni joriy qilish, sohani takomillashtirishda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi direktori Shuhrat SATTOROV bizga quyidagilarni soʻzlab berdi.
– Dunyo hamjamiyatida fan va texnologiyalar taraqqiyotining jadallashuvi, sanoat inqilobi, jumladan, raqamli iqtisodiyotga oʻtish bilan bogʻliq boʻlgan jarayonlar yangi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy oʻzgarishlarni keltirib chiqarmoqda, – deydi Shuhrat Sattorov. – Bu oʻz navbatida, bilimga asoslangan jamiyatda barcha sohalarda kuchli raqobat muhitini shakllantirib, taʼlim sohasiga yangi talablarni qoʻymoqda. Natijada endi maktab oʻquvchida hayotiy koʻnikmalarni shakllantiruvchi muhim maskanga aylandi.
Maktab darsliklari esa taʼlim sifatini taʼminlashdagi asosiy manbadir. Umumiy oʻrta taʼlimni yangi rivojlanish bosqichga koʻtarish, milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari barqaror taraqqiyotga olib bora oladigan raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash maqsadida ilgʻor milliy va xorijiy tajribalar, xalqaro baholash dasturlari talablarini inobatga olgan holda oʻquv dasturlari, oʻqitish metodikasi va taʼlim sifatini baholash tizimini takomillashtirish vazifalari kun tartibimizda turibdi.
Xoʻsh, bu borada sohada qanday ishlar amalga oshirilmoqda? “XXI asr koʻnikmalari” nima? Zamonaviy darsliklar qanday boʻlishi kerak?
Zamonaviy darsliklar anʼanaviy darsliklardan farqli oʻlaroq oʻquvchida koʻnikma shakllantirishga qaratilgan boʻladi. Aksariyat darsliklarda nima, qachon, qayerda, degan savollarga javob topiladi va bu bolalarni nari borsa xotirasini rivojlantiradi. Koʻnikma shakllanmagani hisobiga bolalar hayotda duch keladigan masalalar, muammolarga javob topa olmasligi mumkin.
Agar oʻquvchida muammoga keng qamrovli yechim topish koʻnikmasi shakllantirilsa, muammoga duch kelganda unga qanday yechim topish ustida bosh qotiradi. Aytaylik, siz shifokorni oldiga toʻlishish muammosi bilan bordingiz, agar shifokor keng qamrovda fikrlasa, sizga hamma uchun bir boʻlgan parhezni yozib berishdan avval, kun tartibingizni oʻrganadi, muammoni har tomondan oʻrganishga erinmaydi. Buning uchun ularga bilimdan tashqari koʻnikma kerak boʻladi.
Masʼuliyat, ishtiyoq, tanqidiy fikrlash, muammoga oʻziga xos uslubda yechim topish kabi koʻnikmalar asosida shaxs xarakteri shakllanadi. Agar biz oʻquvchilarda ana shunday koʻnikmalarni shakllantirsak, mehnat bozori sifatli ishchi kuchi bilan taʼminlanadi. Maktab darsligini oʻqigan holda ham oʻquvchi kelajak uchun foydali mutaxassis boʻlib chiqa oladi.
Xususan, joriy yilda yaratilayotgan darsliklarda ham oʻquvchida XXI asr koʻnikmalarini shakllantirishga urgʻu berildi. Masalan, “Tarbiya” darsligi oʻquvchida mustaqil oʻrganish, tanqidiy fikrlash yoki jamoaviylik koʻnikmalarini shakllantirsa, “Informatika” darsligi yaratuvchanlik va ijodkorlik koʻnikmalarini, “Matematika” esa tizimli va mantiqiy fikrlash koʻnikmalarni shakllantiradi.
Xususan, joriy yilda yaratilayotgan darsliklarda ham oʻquvchida XXI asr koʻnikmalarini shakllantirishga urgʻu berildi. Masalan, “Tarbiya” darsligi oʻquvchida mustaqil oʻrganish, tanqidiy fikrlash yoki jamoaviylik koʻnikmalarini shakllantirsa, “Informatika” darsligi yaratuvchanlik va ijodkorlik koʻnikmalarini, “Matematika” esa tizimli va mantiqiy fikrlash koʻnikmalarni shakllantiradi.
MILLIY OʻQUV DASTURI
Umumiy oʻrta taʼlimning Milliy oʻquv dasturi 6 ta komponentdan – umumiy oʻrta taʼlimning malaka talablari, umumtaʼlim fanlarining konsepsiyalari, umumiy oʻrta taʼlimning oʻquv rejasi, umumtaʼlim fanlarining oʻquv dasturlari, umumtaʼlim fanlarini oʻqitish metodologiyasi hamda baholash tizimidan iborat boʻladi.
“INFORMATIKA” – AXBOROT TEXNOLOGIYALARI MUTAXASSISLARINI TAYYORLOVCHI FUNDAMENTAL MANBA
Darslikdagi yondashuv – bu mazmunning oʻzgarishi. Ayni paytda, jamiyat munosabatlar tabiatini oʻzgartiruvchi innovatsion texnologiyalarni oʻzlashtirish bilan bogʻliq oʻzgarishlarni boshidan kechirmoqda. Darsliklar ana shunday sharoitda raqamli iqtisodiyotni rivojiga hissa qoʻshadigan raqamli savodxon avlodni yetishtirib chiqarishga yoʻnaltirildi. Bu yilgi “Informatika” darsliklari avvalgilaridan farqli ravishda oddiy foydalanuvchini emas, balki raqamli kontent yaratuvchisini voyaga yetkazishni koʻzlaydi. Natijada yaqin yillarda bugungi ish beruvchi talablariga mos keladigan mutaxassislar yetishib chiqadi.
Amaliylik – darsliklarda 50/50 tamoyili asosida nazariy va amaliy mavzu-mashgʻulotlar kiritildi. Endi oddiy matn terishdan boshlab, dastur yaratishgacha boʻlgan koʻnikmalar amaliyot orqali shakllantiriladi. Oʻyin orqali dasturlashni oʻrgatuvchi Scratch dasturi bir vaqtni oʻzida chizish, oʻynash mobaynida bolada dasturlash koʻnikmasini paydo qiladi. Bu yilgi “Informatika” darsliklarini “harakatlanuvchi kitoblar” deyish mumkin. “Toʻldirilgan borliq” texnologiyasi orqali endi jarayonlar va bilimlar virtual shaklda devayslarda tomosha ham qilinadi.
Darslik orqali oʻquvchilarga Scratch dasturlash, Phyton dasturlash tilida veb-sahifa va kichkina desktop dastur yozish, SMM– ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash, masofadan oʻqish va oʻquv kontentlari bilan mustaqil ishlash, mustaqil taʼlim olish, pul topish, vaqtni boshqarish, CLIL-(content language integrated learning) hamda frilanserlik faoliyati oʻrgatiladi. Ahamiyatlisi, darslik hisoblash matematikasi, ingliz tili, tabiiy fanlar, tillar bilan fanlararo integratsiya qilingan.
“TARBIYA” – BOLALARNI HAYOTGA TAYYORLASH KITOBI
Shu oʻrinda, “Odobnoma”, “Vatan tuygʻusi”, “Milliy istiqlol gʻoyasi”, “Maʼnaviyat asoslari” darsliklari nega oʻzini oqlamadi, degan haqli savol tugʻiladi. Xalq taʼlimi vazirligi huzurida tashkil etilgan Ishchi guruhi tomonidan bu darsliklar tanqidiy-tahliliy oʻrganildi. Ulardagi yod olishga yoʻnaltirilgan kontent asosan nazariy bilimlardan iborat edi. Bu darsliklarda koʻnikma shakllantirish metodlaridan foydalanilmagan va aksariyat mavzular siyosiylashtirilgan edi. Ular orqali oʻquvchi oldiga maqsad qoʻyilmagan va oʻquvchi ruhiyatidagi boʻshliq hisobga olinmagan. Shuningdek, mavzular amaliyotga yoʻnaltirilmagan edi.
“Tarbiya” fani darsliklarini tayyorlashda Yaponiyaning “Axloq taʼlimi”, Singapurning “Feʼl-atvor va fuqarolik taʼlimi”, Buyuk Britaniyaning “Tafakkur”, “Xulq taʼlimi” fanlari va darsliklari yaqindan oʻrganildi. Ilk marotaba darsliklarda 21-asr koʻnikmalari deb nom olgan “yumshoq koʻnikmalar” joriy qilindi. Yangi fan darsliklaridagi amaliyotga yoʻnaltirilgan mashgʻulotlar va mavzular oʻquvchida muvaffaqiyat motivlarini uygʻotadi.
Bu esa oʻquvchining mustaqil faoliyati va mustaqil oʻrganish, oʻz ustida ishlash koʻnikmasini ragʻbatlantiradi. “Tarbiya” darsliklarida “role-model”, yaʼni “namuna keltirish” zamonaviy pedagogik metodidan unumli foydalanilgan. Unda milliy va xalqaro miqyosda yuksak natijaga erishgan insonlar yutuqlari tahlil qilinadi. Shu orqali oʻquvchida vatanparvarlik va faol fuqarolik pozitsiyasi, yetakchilik, tadbirkorlik, munosib kasb egallash koʻnikmalari rivojlanadi.
“Tarbiya” oʻquvchiga yetakchilik, hamkorlik va jamoada ishlashni oʻrgatadi. Zamonaviy yondashuvda yozilgan darslar farzandlarimizda umuminsoniy va milliy qadriyatlarga hurmatni shakllantiradi. Shuningdek, sogʻlom turmush tarzi, vaqt-resurslardan toʻgʻri foydalanish kabi bugun dolzarb boʻlgan mavzular ham ushbu fan darsliklaridan oʻrin olgan.
Taʼlim tizimidagi har bir yangilik, innovatsion loyihalar yosh avlodning kelajagi uchun amalga oshiriladi. Ammo bir narsani unutmasligimiz – shunchaki tajriba sifatida farzandlarimizning vaqtini yoʻqotmasligimiz kerak. Shu bois har bir loyihamiz ekspertlar koʻrigidan oʻtkazilib, qayta va qayta tekshiruvlardan oʻtkazilgach amalga oshiriladi. Shu bois “Informatika” hamda “Tarbiya” darsliklarini tayyorlash jarayoniga ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtdoshlarimizni ham jalb qilyapmiz. Tanqidiy fikrlar, takliflar inobatga olinmoqda. Zamonaviy darsliklarni xalqimiz bilan hamfikr, hamjihat yozilayotgani ularning qamrovi va ahamiyatini ham oshiradi.
Taʼlim tizimidagi har bir yangilik, innovatsion loyihalar yosh avlodning kelajagi uchun amalga oshiriladi. Ammo bir narsani unutmasligimiz – shunchaki tajriba sifatida farzandlarimizning vaqtini yoʻqotmasligimiz kerak. Shu bois har bir loyihamiz ekspertlar koʻrigidan oʻtkazilib, qayta va qayta tekshiruvlardan oʻtkazilgach amalga oshiriladi. Shu bois “Informatika” hamda “Tarbiya” darsliklarini tayyorlash jarayoniga ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtdoshlarimizni ham jalb qilyapmiz. Tanqidiy fikrlar, takliflar inobatga olinmoqda. Zamonaviy darsliklarni xalqimiz bilan hamfikr, hamjihat yozilayotgani ularning qamrovi va ahamiyatini ham oshiradi.