"Zakovot" maydonida bellashishdi
Jizzaxda “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” oldidan o‘tkazilgan an’anaviy “Zakovat” intellektual o‘yini bu gal ham bilim, tafakkur va jurnalistik salohiyat bayramiga aylandi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda ommaviy axborot vositalari jamoalari bilim va zehn sinovida bellashishdi.
Aytish joiz, “Zakovat” maydoni keyingi yillarda ijod ahlini birlashtiruvchi ma’naviy-ma’rifiy an’anaga aylanib bormoqda. Bu yil ishtirokchi jamoalar sonining ortishi, ayniqsa, yangi jamoalarning faol qatnashgani intellektual muhitga qiziqish tobora kuchayib borayotganidan dalolatdir.
[gallery-29587]
Qizg‘in bahslar, tezkor fikrlar va mantiqiy mushohadalarga boy kechgan bellashuvda ishtirokchilar nafaqat bilim, balki jamoaviy hamjihatlik va topqirlik borasida ham o‘z imkoniyatlarini namoyon etishdi. Har bir savol atrofida kechgan muhokamalar maydonda haqiqiy tafakkur raqobatini yuzaga keltirdi.
Musobaqada ilk bor qatnashgan viloyat Pedagogik mahorat markazining “Iqtidor va intellekt” elektron ilmiy jurnali jamoasi munosib ishtirok etib, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Ikkinchi o‘rin Jizzax shahar telekanali jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi pog‘onadan Jizzax viloyat teleradiokompaniyasi vakillari joy oldi.
Intellektual bellashuv yana bir bor jurnalist uchun tezkor fikr, keng dunyoqarash va mustahkam bilim eng katta kuch ekanini namoyon qildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari