“Zakovat”da jajji bilimdonlar bahslashdi
Sirdaryo viloyati Xovos tumanida maktabgacha ta’lim tizimida tarbiyalanayotgan jajji bolajonlarning mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, ularda jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish va bilimga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan “Zakovat” intellektual o‘yinining tuman bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Bir qarashda o‘yin-kulgiga boy jarayon ortida aslida haqiqiy bilimlar "jangi" kechdi. “Zakovat” maydonida mitti tarbiyalanuvchilar o‘z zukkoligi, tezkor fikrlashi va topqirligi bilan barchani hayratga soldi. Shu bois musobaqa mazmunan puxta o‘ylangan shartlar asosida tashkil etildi.
Bellashuv davomida jamoalar mantiqiy savollar, ertak qahramonlari sarguzashtlari hamda tabiat va atrof-muhitga oid qiziqarli topshiriqlar yechimi ustida bosh qotirdilar. Har bir ishtirokchi o‘z fikrini erkin ifoda etishga, jamoa manfaati yo‘lida birdamlikni namoyon etishga intildi. Ayniqsa, bolajonlarning kattalardek jiddiy mushohada yuritishi, savollarga tezkor va aniq javob qaytarishi tadbir qatnashchilari va kuzatuvchilarda katta taassurot qoldirdi.
[gallery-28873]
Tanlovda tumandagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining katta va tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchilaridan tuzilgan jamoalar ishtirok etdi. Ular to‘rtta asosiy shart bo‘yicha bilim va salohiyatlarini sinovdan o‘tkazdilar. Savollar bolalarning dunyoqarashi, tabiatga munosabati va mantiqiy fikrlashini sinashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
– Bugungi “Zakovat” o‘yini kutganimizdan ham qiziqarli o‘tdi. Bolajonlarimizning mantiqiy savollarga bergan tezkor va aniq javoblari ularda intellektual baza mustahkam shakllanayotganini ko‘rsatadi. Bunday tadbirlar bolalarni nafaqat bilimli, balki jamoada birdam bo‘lishga ham o‘rgatadi, – deydi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Ravshan Ilchiyev.
Musobaqa davomida mutaxassislar va hakamlar hay’ati ishtirokchilarning javoblari aniqligi, fikrlash tezkorligi va jamoaviy ishlash qobiliyatiga xolis baho berib bordi.
1-o‘rinni 17-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining “Kelajak egalari” jamoasi qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin 2-sonli DMTTning “Yosh bilimdonlar” jamoasiga nasib etdi. 3-o‘ringa esa 16-sonli DMTTning “Zukkolar” jamoasi sazovor bo‘ldi.
G‘olib jamoa viloyat bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasi bilan taqdirlandi. Shuningdek, musobaqada qatnashgan barcha tarbiyalanuvchilar esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA