Zakot – Islomning besh farzidan biri, moliyaviy ibodatdir.
Uning «o‘sish», «salohiyat» kabi ma’nolari bor. Istilohda esa boy kishi ma’lum bir mollardan zimmasiga vojib bo‘lgan miqdorni kambag‘alga mulk qilib berishidir. Zakot berishda nisob va yil o‘tishi e’tiborga olinadi. Zakotning farzligiga Qur’oni karim, hadislar va ummatning ijmosi dalolat qiladi.
Alloh taolo shunday deydi: «Namozni qoim qiling va zakotni bering...» (Baqara surasi 43-oyat). Qur’oni karimda xuddi shu jumla buyruq ko‘rinishida takror-takror kelgan.
Xo‘sh, zakotni xayriya fondlarga o‘tkazish mumkinmi?
Mazkur savol yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Abdulatif Tursunov shu va boshqa savollarga javob sifatida o‘z ma’lumotlari bilan o‘rtoqlashdi.
– Bismillahir Rohmanir Rohim. Zakotni, shu jumladan, vojib sadaqalar: ushr, fitr sadaqasi, fidya va nazrlarni umumiy xayriyalarga o‘tkazib bo‘lmaydi. Chunki Qur’oni karimda zakot va boshqa vojib sadaqalar kimlarga berilishi aniq belgilab qo‘yilgan. Zakot moli muhtojlarning qo‘liga pul yoki mahsulot shaklida mulk qilib topshirilishi shart. Lekin o‘sha fondlarda zakot va boshqa vojib sadaqalarni alohida qabul qilib, muhtojlarga yetkazishni zimmasiga oladigan vakillar tayinlansa va ular sizning vakilingiz sifatida mablag‘ingizni muhtojlarga yetkazsa, zakotingizni ado etishingiz mumkin. Hozirgi kunda O‘zbekistonda «Vaqf» xayriya fondi mana shunday faoliyatni yo‘lga qo‘ygan. Vallohu a’lam.
– Zakotni ma’raka uchun ishlatsa bo‘ladimi?
– Bismillahir Rohmanir Rohim. Zakotni dafn marosimi yoki ma’rakalar uchun ishlatib bo‘lmaydi. Chunki zakot ado bo‘lishi uchun ajratilgan mahsulot yoki pul mablag‘larini kambag‘al kishining qo‘liga mulk qilib berilishi kerak. Buning ustiga, ko‘pgina kambag‘al kishilarni yig‘ib, ajratgan zakotidan ularga ziyofat qilib bersa ham, zakot o‘rniga o‘tmaydi. Bu yerda muhtojlarga molni mulk qilib berish topilmaydi. Shuning uchun zakotni shariatimizda belgilangan kishilarga mulk qilib berilishi to‘g‘ri bo‘ladi.
Mayyitni dafn qilishgacha ketgan xarajatlar uning qoldirgan mol-mulkidan ado qilinadi. Dafn qilib bo‘lingach, ortib qolgan mol-mulk merosxo‘rlarga shariat ko‘rsatmasiga binoan bo‘lib beriladi.
– Qoramolning zakoti qay tartibda amalga oshiriladi?
– Kumush, qog‘oz pullar va tijorat mollarining zakoti bir-biriga qo‘shib hisoblanadi. Lekin chorva mollarining zakoti bularga qo‘shilmasdan, alohida hisoblanadi. Agar qoramollar tijorat niyatida sotib olinmagan bo‘lsa, bu qoramollardan zakot berish vojib bo‘lmaydi. Chunki qoramolning soni o‘ttiztadan oshsa va ular yilning aksar qismida daladan o‘tlasa, zakot berish boshlanadi. Agar mazkur qoramollar tijorat niyatida sotib olingan bo‘lib, ularning qiymati zakot nisobidan ortiq bo‘lsa, umumiy qiymatning qirqdan biri zakot sifatida beriladi.
Qoramolning zakoti haqida hadisi sharifda shunday deyilgan: «Nabiy sallallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal raziyallohu anhuni Yamanga yuborayotganlarida har o‘ttizta qoramoldan bitta erkak yoki urg‘ochi bir yoshli buzoq olishimni va har qirqtadan bir dona ikki yoshli urg‘ochi buzoq olishini amr qildilar» (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Boshqa rivoyatda esa Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu: «Nabiy sallallohu alayhi vasallam menga qoramol o‘ttiztaga yetmaguncha hech narsa olmasligimni amr qildilar. Qachon o‘ttiztaga yetsa, undan bir dona onasiga ergashib yurgan bir yoshli erkak yoki urg‘ochi buzoq. Bu to qirqtaga yetguncha. Agar unga yetsa, ikki yoshli g‘unajin» – dedilar (Imom Nasoiy rivoyatlari).
Qoramolning zakoti haqida fiqhiy manbalarda shunday deyiladi. «O‘ttizta sigirda bitta tabiy (bir yoshga to‘lgan erkak buzoq) yoki tabiy’a (urg‘ochi buzoq) va qirqtada musinn (ikki yoshga to‘lib uch yoshga chiqqan novvos) yoki musinna (g‘unajin) vojib bo‘ladi («Muxtasarul viqoya» kitobi). Ya’ni: «Sigirning nisobiga kelsak, o‘ttiztadan kamida zakot yo‘q. Buning dalili Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadis bo‘lib, U Zot alayhissalom Muoz ibn Jabal raziyallohu anhuni Yamanga (voliy qilib) yuborayotganlarida «Sigirlarning har o‘ttiztasidan bitta erkak yoki urg‘ochi bir yoshli buzoq, har qirqtadan bir dona ikki yoshli urg‘ochi buzoq», – dedilar («Badoius sanoiʼ» kitobi).
Demak, sigirlar tijorat maqsadida sotib olinsa, zakot berishda ularning soniga emas, qiymatiga qaraladi. Yilning aksarida dalada o‘tlab yuradigan sigirlar o‘ttiztaga yetmasa, nisobga yetmagan hisoblanadi va ulardan zakot berilmaydi. O‘ttiztadan oshgach, to qirqqa yetgunicha bitta bir yoshli buzoq (erkak yoki urg‘ochi), qirqtadan to oltmishtagacha bitta ikki yoshga to‘lgan g‘unajin yoki buqa beriladi. Oltmishtadan ortig‘ida har o‘ttiztasiga bittadan bir yoshli, har qirqtasiga bittadan ikki yoshga to‘lgan buzoq beriladi. Vallohu a’lam.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, fidya va fitr sadaqa zakot olishi mumkin bo‘lgan kishilarga beriladi. Fitr sadaqani zimmiylarga ham berish mumkin.Shuningdek, zakotni nisobga yetmagan mablag‘ga ega bo‘lgan kishiga berish joizdir. Garchi u salomat va kasb qilib topishga qodir bo‘lsa ham.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA