Mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Toshkent viloyati IIBB va uning quyi bo‘linmalari xodimlari tomonidan tadbirlar uyushqoqlik bilan tashkil etilib, qator jinoyatlarning oldi olinmoqda.
Xususan, Qo‘yi Chirchiq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1999-yilda tug‘ilgan fuqaro A.S. giyohvandlik va psixotrop moddalarni kontaktsiz – manzil usulida tarqatish (“zakladchik”) faoliyati bilan shug‘ullanayotgani aniqlandi. U navbatdagi “zahri qotil”ni olish maqsadida tumanning ovloq hududidagi yerni kavlayotgan vaqtida, daliliy ashyo bilan ushlandi. Ushbu shaxsning yonidan 20 dona qadoqlangan holda, sintetik giyohvand moddalar xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirildi.

Bundan tashqari, Toshkent tumanidagi Iqbol mahallasi hududida ham xuddi shunday vaziyat aniqlandi. Xususan, avtomobil yo‘li yonida joylashgan ehson qutisini ochib, ichidagi pullarni olishga uringan 2005 yili tug‘ilgan J.M. tuman IIBning tungi xizmatiga biriktirilgan xodimlari tomonidan ushlandi. Ushlangan shaxs yonidan 9 dona qadoqlangan, kuchli ta’sir qiluvchi moddaga o‘xshash dori vositalari topildi va xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirildi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

A.Musayev,O‘zA.