Zahmatkash jurnalist, zukko rahbar
Qutlov
Bugun kim ko‘p – jurnalist ko‘p. Qog‘oz kerak emas, ruchka kerak emas, qo‘lingizda telefon bo‘lsa bas, jurnalistsiz. Qizig‘i, maxsus ma’lumot bor-yo‘qligining ahamiyati yo‘q, oliy ma’lumot haqidagi diplomning bo‘lishi ham shart emas. Rost-yolg‘onligi to‘g‘risida hujjatga ega bo‘lmagan holda to‘rt qator xabarni telefonda e’lon qilib yuborasiz – jurnalistsiz. Albatta, xabar tarqatish vositasi qog‘oz o‘rniga telefon bo‘lgan hamma xabarchilarga ham taalluqli emas yuqoridagi gaplar, ular orasida aslida qalami o‘tkir haqiqiy jurnalistlar ham, haqiqiy jurnalistdan oshirib sifatli-salmoqli xabaru maqolalar e’lon qilayotganlar ham juda ko‘p. Jurnalistikada qog‘oz o‘rnini telefon, elektron vositalar egallayotgani esa mutlaqo salbiy hodisa emas, davr taqozosi, taraqqiyot samarasi deb qabul qilish to‘g‘ri bo‘ladi...
Ayni paytda bu zamonaviy vositalar kioskadan sotib olib varaqlayotganingizda uni o‘qishga rag‘bat uyg‘otuvchi, ilhom beruvchi, bosmaxona bo‘yog‘ining isi dimoqqa urib turuvchi gazetaning o‘rnini bosolmasligi tayin. Xuddi shuning uchundir bugun bizdan taraqqiyotda juda oldinda bo‘lgan Amerika, Angliya va Yevropa mamlakatlarida hamon gazeta do‘konlari gurkirab ishlab turibdi, gavjum joylarda gazeta sotuvchi-tarqatuvchilar faoliyati davom etayapti...
Ana shu «ming yillik» gazeta zahmatkashi bo‘lgan bir hamkasb insonni qutlug‘ yoshi bilan tabriklash maqsadida qo‘limga qalam olgan edim aslida. Beixtiyor yuqoridagi gaplar xayolimga kelib, qog‘ozga to‘kildi.
Bu inson qariyb o‘n yil «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalari, so‘ngra yana bir necha yil «Pravda Vostoka» gazetasi tahririyatlarida bosh muharrir lavozimida ishlagan Abbosxon Usmonovdir.
Gazetachilik – sermashaqqat, serzahmat soha. Gazetada, ya’ni tahririyatda ishlagan har bir jurnalist, qalamkash bu fikrga qo‘shilishiga ishonchim komil. Ertaga saharda yorug‘ dunyo yuzini ko‘rishi kerak gazeta uchun tahririyatda har kun ertalabdan harakat – jarayon boshlanadi. Mashinkada – kompyuterda ko‘chirilgan qo‘lyozma xabar va maqolalar bosmaxonaga beriladi, linotin mashinalarda bu matnlar qo‘rg‘oshin satrlarga ko‘chiriladi, temir ramkada sahifalanib, bo‘yoq surtib qog‘oz sahifaga ko‘chirilib, tahririyatga yuboriladi, korrektor-musahhihlar uni asl nusxaga solishtirib o‘qib, xatolarini tuzatadi, so‘ng navbatchi muharrir, bosh muharrir o‘qiydi...
Ana shunaqa zahmat! To‘g‘rirog‘i zahmat edi. Abbosxon aka esa umrining, faoliyatining katta qismini mana shu zahmatlarga «rahbarlik» qilib o‘tkazdi. Yo‘q, bu aytilganlar gazetachilikning, bosh muharrir faoliyatining tahririyat va bosmaxona o‘rtasida kechadigan bir qismi, xolos. Minnatdorlik hamda asabbuzarliklar bilan kechadigan ikkinchi yarmi undan ko‘ra boshqacharoq, balki sermashaqqatroq ham. Maqtov maqolalar, boshqa ijobiy materiallar beozor. Birov «meni nega yolg‘on maqtading» deb yoqangdan olmaydi hech qachon, tanqidiy maqolalar esa ba’zan bosh muharrirning tinkasini quritadi: to‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmaydi, degandek. Lekin u maqolalar kerak. Adolat va haqiqatning qaror topishi, tiklanishi uchun, mamlakat taraqqiyoti uchun kerak. Asosiysi, bunday maqolalar gazetxon uchun, gazetaning obro‘si uchun zarur. Odamlar gazetadan biron bir yangilikdan xabardor bo‘lish, ijtimoiy hayotda ro‘y berayotgan o‘zgarishlardan, islohotlardan xabardor bo‘lish uchun uni do‘kondan sotib oladi, varaqlaydi. Tanqidiy maqolani esa deyarli hamma o‘qiydi. Bosh muharrir dadil bo‘lsa, vijdonli bo‘lsa, jasur bo‘lsagina bunday maqolalar tez-tez gazeta sahifasini bezaydi. Abbosxon Usmonov bosh muharrir bo‘lgan gazetalar taxlamlarini varaqlagan gazetxon esa bu shaxsga yuqoridagi sifatlar hamroh ekanligiga guvoh bo‘ladi...
Ma’lum davr mobaynida birga ishlaganmiz. Navbatdagi maqolani ko‘tarib kirgan edim, u kishi o‘z stoli ortida tik turganicha «vertushka» – Hukumat telefonida kim bilandir gaplashayapti ekan. Chiqib ketmoqchi edim, «kiravering» ishorasidan keyin yaqinlashib, beixtiyor suhbatni eshitdim. Angladimki, narigi tomondagi suhbatdosh Bosh prokuror ekan. Bosh muharrir asabiy, chirsillab javob qaytarayapti suhbatdoshiga. Uch-to‘rt daqiqa suhbatdan so‘ng bo‘lmadi, Abbosxon aka «portladi»:
– Kelib gazetani o‘zinglar chiqaringlar bo‘lmasa! – dedi hayajon va zarda bilan. So‘ng suhbat qisqa bo‘ldi, xayrlashishdi.
Albatta, nima gapligini men so‘ramadim, u kishi aytmadi. Shunisi aniqki, o‘sha prokuror bu lavozimda uzoq o‘tirmaganlardan biri edi.
Tanqid – haqiqatning, xalqning do‘sti, jurnalistning “dushmani”. Birinchi navbatda bosh muharrir jurnalistning. Tabiatida adolat, haqiqatga ishonch, Vataniga, el-yurtiga muhabbat mavjud inson– bosh muharrirgina faqat yumshoq kursisini emas, jamiyatni o‘ylaydi.
Donishmand publitsist-yozuvchi Alber Kamyu aytgan edi: «Men Vatanimni koyiyman, tanqid qilaman, chunki men uni boshqalardan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘raman!»
Abbosxon aka mamlakatdagi eng nufuzli, ijodiy jamoaga o‘tgan asrning so‘nggi yillarida rahbar lavozimiga tayinlandi. «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalariga bosh muharrir bir kishi bo‘lgani bilan biri ikkinchisidan tarjima holida emas, alohida, rusiyzabon jurnalistlardan iborat jamoa ekanligi bilan ajralib turadi. Yuz nafardan ortiq bu ikkala gazeta qalamkashlariga rahbarlik qilish esa rahbardan juda katta salohiyat, hayotiy tajriba, muomala diplomatiyasini taqozo etadi. Bu davrgacha uzoq yillar Toshkent viloyat partiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida katta-kichik turli lavozimlarda ishlab kelgan Abbosxon Salohiddinovichda bunday sifatu fazilatlar yetarli bo‘lgani, rus tilini mukammal bilgani uchun ham uzoq yillar muvaffaqiyatli ishladi. O‘sha davrlarda uning rahbarligi ostida faoliyat yuritgan ko‘p jurnalistlar hozirgacha uning nomini hurmat-ehtirom bilan tilga oladilar...
Abbosxon akada har qanday rahbar uchun zarur bo‘lgan tashkilotchilik qobiliyati yetarli edi. Va bu «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazeta tahririyatlari joylashgan Matbuotchilar ko‘chasidagi yetti qavatli taxririyatlar binosining yettinchi qavatini to‘laligicha «yevrostandart» rekonstruksiya – ta’mirlashda juda qo‘l keldi: uchta-to‘rtta xonalar birlashtirilib bir necha xodim o‘tiradigan oynavand zallarga aylantirildi. Ungacha biz bunday tahririyatlarni televizor orqali Yevropa mamlakatlarida ko‘rganmiz, xolos. Jamoada ruh o‘zgardi, kayfiyat ko‘tarildi. Ataylab bu manzarani ko‘rish uchun kelayotgan kishilar qancha. Mustaqillikdan so‘ng O‘zbekiston degan davlatga qadam ranjida qilayotgan chet ellik jurnalistlarga bu tahririyat faxr bilan ko‘z-ko‘z qilishga arzigulik edi...
...Televizorda o‘lkamizning Bo‘stonlig‘u Surxon tog‘laridagi sharsharalarni, orombaxsh tabiat manzaralarini ko‘rganimda, Rossiyaning «Priroda» (tabiat) kanalini tomosha qilayotib Abbosxon akaning tashkilotchilik qobiliyatiga oid bir holat yodimga tushaveradi. Hozirgi yosh avlod ishonishi qiyindir, lekin bor gap shuki, televizorda ilgari bunday manzaralar umuman namoyish etilmagan. Rasmiy ko‘rsatuv va rasmiy xabarlar, gaplar, xolos. Qadim davrda emas, bundan bor-yo‘g‘i o‘ttiz yil muqaddam shunday edi. O‘sha davrda Prezident Devonida bosh konsultant lavozimida ishlayotgan Abbosxon Usmonov mustaqillikka oid dolzarb bir kitobni yuqori saviyali poligrafiyada chop ettirish uchun noshir mutaxassis bilan birgalikda bir oyga yaqin Turkiya safarida bo‘ldi. Qaytib kelgach taassurotlarini hikoya qilib xulosa yasayaptilar: «Habibulla, men u yerda kashf qilgan bir narsa – turklar Vatanini juda qattiq yaxshi ko‘radi. Kechqurun mehmonxonada televizor ko‘ramiz-ku, ko‘rsatuvlarning orasida Turkiyaning go‘zal go‘shalarini, tabiat manzaralarini shunchaki matnsiz namoyish etib «O-o, mening Turkiyam!» deb hayqirib qo‘yishadi».
Birga ishlardik, xonada o‘tiribmiz. Mening ko‘z oldimga o‘zimizdagi Turkiyadan qolishmaydigan o‘sha tog‘laru sharsharalar keldi. Buni ustozga aytdim. Abbosxon aka bir zum o‘ylanib qoldi, so‘ng «rostdanam, nega biz televizorda o‘sha go‘zalliklarni ko‘rsatishimiz mumkin emas, ko‘rsatuvlar orasida tomoshabin dam olishi uchun?» Va, darhol to‘rt raqamli Hukumat telefoni trubkasini ko‘tarib, Teleradiokompaniya raisi vazifasini bajarayotgan Zafar Hakimovga bu taklif-topshiriqni aytdilar. Vassalom, o‘lka go‘zalligi ekranga ko‘chdi...
Umr oqar daryo. Yuqoridagi voqea-hodisalar xuddi kechagina bo‘lib o‘tgandek. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abbosxon Usmonov bugun farzandlaru nevara-chevaralar – oila davrasida sakson yoshni qarshilayapti. Unvondan boshqa mukofotlarini sanash uchun o‘zlariga murojaat qilishim kerak edi, murojaat qilmadim. Sababi, «maqola shart emas» deyishlari ehtimolga juda yaqin. U kishi shu darajada kamtar, katta harflar bilan yozsa arziydigan Shaxs...
To‘qsonga to‘qnashganda, yuzga yuzlashganda sanarmiz boshqa mukofotlarini. Umringiz ziyoda bo‘lsin, ustoz!
Habibulla OLIMJONOV,
jurnalist-yurist.