Vatanimiz tarixidagi 14 fevral sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1483 yil (bundan 542 yil oldin) – Farg‘ona viloyatini idora qilayotgan temuriyzoda Umarshayx Mirzo xonadonida Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoga keldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Zahiriddin Muhammad ismini yosh shahzoda uchun Movarounnahrning o‘sha davrdagi atoqli ulamolaridan bo‘lgan Xoja Nosiriddin Ubaydulloh Ahror Valiy tanlagan.
Keyinchalik chig‘atoylar arabcha “Zahiriddin” so‘zini talaffuz etishga qiynalganliklari bois ota-onasi uni Bobur deb ataydigan bo‘lib qolishgan. Shunday qilib, rasmiy hujjatlarda ulug‘ shoir, adib va hukmdor nomi Zahiriddin Muhammad Bobur tarzida qo‘llana boshlangan.
Bobur Mirzoning umri to‘s-to‘polon, urush-yurishlarda o‘tgan bo‘lsa ham, o‘z davrining ilg‘or fan yutuqlarini juda o‘tkir va betakror aql-zakovati bilan puxta egalladi. Atigi 47 yil umr ko‘rgan olijanob inson va ulug‘ shoh avlodlarga o‘zining bebaho adabiy, ilmiy merosini qoldirdi. Sharq mumtoz adabiyotining turli janrlarida ajoyib she’rlar yozib, devon tartib berdi.
“Boburnoma”day ulkan hajmli tarixiy-badiiy asarini yaratib, turkiy nasr imkoniyatlarining beqiyos ekanini amalda isbotladi.
Bobur arab alifbosi asosida, ammo shaklan yangi, muhimi, o‘zining ona tili tovushlari tizimiga mos alifbo yaratishni maqsad qilib 1504 yilda “Boburiy xati” (“Xatti Boburiy”)ni kashf qildi. Ushbu yangi alifbo 29 harfdan iborat.
Bobur Xurosonga tashrif buyurganida hirotlik mashhur ulamolardan Qozi Ixtiyor va Muhammad Miryusuf undan boburiy xatni o‘rgangan. Bobur Hindistonni fath etganidan so‘ng, Qandahorda turgan Komron va Badaxshonda turgan Hindolga boburiy xatda maktublar jo‘natgan.
Shuningdek, u o‘zi yaratgan alifboda “Qur’on”ni ko‘chirtirib, Makka va boshqa yirik shaharlarga jo‘natgan. Uning bir nusxasi (“Al-Mushafin Boburiya” nomi bilan) Mashhad shahridagi Imom Rizo yodgorlik majmuasi kitob fondida saqlanadi.
Adabiyotshunoslik borasida turkiy aruzning xususiyatlariga oid “Muxtasar” asarini yozdi. Din asoslariga bag‘ishlangan she’riy risolasi - “Mubayyin”ni yaratdi.
Shuningdek, naqshbandiy tariqatining peshvosi Xoja Ahror Valiyning“Volidiya” asarini she’riy usulda turkiy tilga tarjima qildi. Bulardan tashqari, Bobur Mirzoning musiqa va harbiy bilimlarga oid risolalar yozgani ham manbalarda bayon etiladi, biroq bu asarlarning taqdiri hamon noma’lumligicha qolmoqda.
1856 yil (bundan 169 yil oldin) – Xiva xoni Qutlug‘murodxonning fojeali o‘limidan so‘ng Xiva taxtiga Sayid Muhammad xon qilib ko‘tarildi. Saroy a’yonlari 1856 yil 14 fevralida eski udumga ko‘ra oq kigizga o‘tqizib, uni xon deb e’lon qildilar. Said Muhammadxon 34 yoshida taxtga o‘tirdi. Rus sharqshunosi Nikolay Veselovskiyning ta’kidlashicha, u Xiva xoni Muhammad Rahimxon I ning farzandi bo‘lgan.
Uning davrida Xivadagi ichki nizolarga barham berilgan, xonlikda tinchlik-osoyishtalik qaror topgan.
Sayid Muhammadxon davrida Xivadagi Qo‘hna ark saroyidagi ko‘rinishxona qayta tiklangan va uning shipi, ayvon ustuni xorazmcha naqshlar bilan bezatilgan. 1859 yilda Xivaning Dishan qal’a qismida, Nurullaboy bog‘ida yangi ko‘rinishxona qurib bitkazilgan. Ogahiy “Gulshani davlat” tarixiy asarida Sayid Muhammadxonning xonlik davrini ta’riflagan.
1913 yil (bundan 112 yil oldin) – Mahmudxo‘ja Behbudiy Samarkand viloyat harbiy gubernatoriga “Samarqand” gazetasini nashr etish uchun ruxsat etilishi to‘g‘risida “Iltimosnoma” berdi va gazetaning yo‘nalishini ko‘rsatuvchi mundarijasini taqdim etdi.
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Samarqand musiqiy drama jamiyati”nomi bilan faoliyat yuritayotgan teatr truppasi davlat ixtiyoriga olindi. Truppaning davlat ixtiyoriga olinishiga bag‘ishlangan kengashda Behbudiy, uning shogirdi, o‘sha vaqtda truppaga rahbarlik qilgan Abdulla Badriy, artistlardan Sa’dulla Jo‘raboyev, Husain Nizomiddinov va boshqalar ishtirok etishdi.
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – Turkiston respublikasi hukumati butun Farg‘ona viloyatida harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, Farg‘ona temir yo‘lida qamal holati joriy etildi. Miting va namoyishlar o‘tkazish taqiqlandi.
Hukumat karorida “Bu qarorni buzganlar pulemyot va miltiq o‘qi bilan qarshi olinadi”, deb alohida ko‘rsatib o‘tildi.
1940 yil (bundan 85 yil oldin) – fizik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Komil Muqimov tavallud topdi. U 1992–2005 yillarda Buxoro davlat universiteti rektori bo‘lgan. Uning izlanishlari tufayli magnit hodisalar fizikasi sohasida yangi – “kuchli magnit maydonida nodir elementlar magnitooptikasi” ilmiy yo‘nalishi yaratildi.
1943 yil (bundan 82 yil oldin) – O‘zbekiston Xalq shoiri Omon Matjon tavallud topdi (vafoti 2020 yil). Uning she’riy asarlarida voqelikni nozik his etgan holda badiiy ifodalash, muayyan hodisadan favqulodda falsafiy xulosalar chiqarish, o‘zi tug‘ilib o‘sgan muhit koloritiga mos ifodalar topish tamoyili ustuvorlik qiladi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tarkibida Mamlakatni havo hujumidan mudofaa qilish qo‘shinlari tuzildi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Germaniyada O‘zbekiston Respublikasi savdo uyini ochish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorda Germaniya Federativ Respublikasining Frankfurt-Mayn shahri, Grosser Xirshgraben ko‘chasi, 1560311-raqamli yer uchastkasida umumiy maydoni 940 kv. metr bo‘lgan Savdo uyi ochilishi belgilandi.
2006 yil (bundan 19 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining hududiy bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma, vatandoshimiz Abu Iso Termiziy (Imom Termiziy) va termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, muqaddas yurtimiz zamini azal-azaldan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar vatani bo‘lib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish maqsadida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali negizida Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti tashkil etildi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunning maqsadi davlat mulkini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi