O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markaziga Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Zahiriddin Muhammad Boburning Eronda saqlanayotgan «Mubayyin» asari fotonusxasi taqdim qilindi.
Bu haqda O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur qo‘lyozma eski o‘zbek tilida yozilgan bo‘lib, har satr ostida matnning forscha tarjimasi berilganligi bilan ahamiyatli.

Zahiriddin Muhammad Bobur "Mubayyin" asarini 1521 yil Hindistonga yurishlari davrida yaratdi. Masnaviy tarzida yozilgan, islom huquqshunosligi va shariat aqidalariga bag‘ishlangan bu asarda Movarounnahr va Hindistonga oid o‘sha davr ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar ham jamlangan. Qo‘lyozma eski o‘zbek tilidagi eng go‘zal hattotlik yo‘nalishlaridan biri – nastaliq xatida ko‘chirilgan.
Valiahd Humoyun va Komron Mirzolarga dasturulamal sifatida mo‘ljallangan “Mubayyin”da, ayni zamonda, namoz, zakot va haj ziyorati to‘g‘risida ham shar’iy mezonlar bayon qilingan.

Qo‘lyozma asar Tehron shahrining “Guliston saroyi” muzeyi qo‘lyozmalar fondida saqlanadi.