Zafar muborak, buxorolik pillakorlar!
O‘tgan yilgi bahor mavsumida Buxoro viloyatining “kumush tola” ijodkorlari 42 ming 36 quti ipak qurti boqib parvarishlab, pirovardida 2 ming 400 tonnaga teng pilla xirmonini yaratgan.
Pillachilikda erishilgan bu natija respublikada birinchi o‘rinda qayd etilgan. Sohada yaratilgan imkoniyat, viloyat tumanlarida oilaviy zveno va kasanachilarni moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimi, ularga kundalik zarur oziq-ovqat, rag‘bat o‘rnida bo‘nak puli, shuningdek, mehnat shartnomasi asosida ish haqining o‘z vaqtida berilishi ipak qurti boqish istagidagi oilalarning soni va qiziqishini oshirayotgani umumiy yutuqqa zamin bo‘layotir.

– Parvarish davri garchi bir oyni o‘z ichiga olsa-da, mashaqqati bisyor tarmoq – pillachilikda joriy mavsumda o‘tgan yilgidan mo‘l, ya’ni tumanlarda jami 122 ta inkubatsiyada jonlantirilgan 44 ming 189 quti ipak qurtidan 2 ming 520 tonna sara pilla yetishtirish rejalashtirilgan edi, – deydi mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Agropilla” viloyat tashkiloti boshlig‘i O‘tkir Navro‘zov. – Buning uchun tumanlarda jami 1 ming 900 dan ortiq fermer xo‘jaligi yoki 40 mingga yaqin pillaboqar oilaviy zvenoga jonlantirilgan ipak qurti har kilogrammiga 500 ming so‘mdan bo‘nak puli bilan birga tarqatildi. Ularga zarur to‘shama, sun’iy o‘rov vositasi, termometr va boshqa ashyolar ta’minotchi buyurtmachilar tomonidan yetkazildi. Har bir hududdagi ishni muvofiqlashtirish uchun agronom biriktirildi. Bu sa’y-harakatlarning mukofoti sifatida buxorolik pillakorlarning 2 ming 532 tonna “kumush tola” xirmoni tayyor.
Joylardagi bevosita qayta ishlovchi klaster korxonalari, aniqrog‘i, Jondor va Romitan tumanlarida “Romstar” qo‘shma korxonasi, Vobkent va Kogon tumanlarida “Kumushkent ipagi”, Buxoro tumanida “Silk servis”, Peshku tumanida “IMANSTAR”, Shofirkon va G‘ijduvon tumanlarida “Gijduvon Ipak tola”, Olot va Qorako‘l tumanlarida “Qorako’l ipak cluster” MCHJ rahbarlarining javobgarligi oshirildi.
Qo‘lga kiritilgan yutuqda mehnatkashlarni moddiy qo‘llab-quvvatlagan “Mikro kredit bank”, “Qishloq qurilish bank”, “Kapital bank”, “Agrobank” viloyat filiallarining alohida hissasi bor. Ipak qurti urug‘ini tarqatish jarayonida har quti uchun 500 ming so‘mdan, viloyatda umumiy qiymati 22 milliard 94 million so‘m avans, ya’ni bo‘nak puli kasanachi oilaviy zvenolarga yetkazilgan.
Pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchilar mehnatiga haq to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘lar bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lovlardan ozod qilindi. Uy sharoitida tirik pilla yetishtiruvchilar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lamaydigan bo‘ldi. Pilla boquvchilar va tizim kasanachilarining pilla mavsumidagi davrda bajargan ishlari ularga pensiya tayinlashda bir yillik ish staji sifatida hisoblanmoqda. Bu yanada yaxshi natija ko‘rsatishga undaydigan omil. Hududlarda ishsizlikni kamaytirish, aholi daromadlari barqarorligini saqlash maqsadida tarqatiladigan ipak qurti har yilgi rejadagidan 55 foizga, ya’ni 2 ming qutiga oshirilgan.

Pillachilik tarmog‘i rivoji uchun ipak qurti ozuqa bazasini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Natijada joriy yil boshidan 5 ming kilogramm tut urug‘ini ekishga tayyorlash, 100 million tup tut ko‘chati zaxirasini yaratish borasida amaliy harakat boshlangan.
Pillakorlikda har qutidan belgilangan 60 kilogramm o‘rniga ikki barobar ko‘p hosil yetishtirilgan. Bu kabi mehnatkashlar rejadan orttirib bajarilgan hosil hisobidan 2,5 million so‘mdan 7 million so‘mgacha sof foydani qo‘lga kiritdi.

– Shu kecha-kunduz qabul maskanlarida ish qizg‘in pallaga kirgan va oilaviy zvenolar hisobidan 1 ming 100 quti ipak qurti hosilini qabul qilish ishlari bormoqda, – deydi “Agropilla” viloyat tashkiloti boshlig‘i O‘tkir Navro‘zov. – Bu bilan mazkur birinchi va ikkinchi mavsumda yetishtirilgan yalpi hosil xirmonini 2 ming 600 tonnaga yetkazishga yaqin turibmiz. Bugun xirmonda saranjomlangan yalpi hosilni qayta ishlash hisobidan 250 tonnadan oshiqroq yarim tayyor ipak mahsuloti ishlab chiqariladi va eksportga yo‘naltiriladi. Muhimi, faqat bu bilan cheklanmagan holda, pillachilik mavsumining uchinchi va to‘rtinchi bosqich parvarishini o‘z ichiga olgan avgust-sentyabr oylarida yuqorida qayd qilingan agroklasterlarimiz va ular tarkibidagi kasanachilar ko‘magida viloyatda 6 ming 620 quti sara ipak qurti boqiladi. Bu degani, yil yakuniga borib, yana qo‘shimcha 265 tonna atrofida pilla hosilini yetishtirish va umumiy yalpi xirmonni 3 ming tonnaga yetkazish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solamiz.
Zarif Komilov, O‘zA