“Zaamin Ultra” marafonida vakillarimiz peshqadam
Jizzaxda “Zaamin Ultra” xalqaro tog‘ ultramarafoni bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar 50, 21 va 10 kilometr masofaga yugurish bo‘yicha raqobatlashdi.
Marafonning 50 kilometr masofasida hamyurtlarimiz Artur Shaipov, Yusuf Nazarov va Alisher Rajabov kuchli uchlikni yakunlab bergan bo‘lsa, ayollar o‘rtasida Shirin Yusupova (O‘zbekiston) birinchi, Marina Filippova (Rossiya) ikkinchi bo‘lib marraga yetib keldi.

21 kilometr masofadagi erkaklar o‘rtasidagi bahslarda ham shohsupaning uch pog‘onasi vakillarimizga – Nurziyot Bekaliyev, G‘iyos Erkaboyev hamda Andrey Sharipovga nasib qildi. Ayollar bahsida rossiyalik Olesi Abramova marra chizig‘ini birinchi bo‘lib bosib o‘tdi. Vakilimiz Albina Avakyan ikkinchi, yana bir rus atleti Anna Permyakova uchinchi bo‘ldi.
“Zaamin Ultra” xalqaro tog‘ ultramarafonining 10 kilometr etib belgilangan masofasida Akmal Ochilqulov (O‘zbekiston) va Aleksandra Cherkas (Rossiya) oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA