O‘zbekiston-Xitoy: AI, IT va ta’limda hamkorlik kengaymoqda
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xitoyning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun bilan uchrashib, sun’iy intellekt yo‘nalishidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Suhbat davomida Sun’iy intellekt bo‘yicha Butunjahon hamkorlik tashkiloti (WAICO) doirasidagi aloqalarni mustahkamlash, O‘zbekistonning tashkilot faoliyatidagi ishtirokini kengaytirish va ikki mamlakat o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar axborot texnologiyalarini rivojlantirishda xalqaro hamkorlikning o‘rni katta ekanini ta’kidlab, ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash borasida ham birgalikda ishlash imkoniyatlarini muhokama qildi.
Ta’lim sohasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Xitoyning yetakchi universitetlari bilan aloqalar o‘rnatish, oliy ta’lim muassasalarida axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘quv dasturlarini yangilash va darsliklarni takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi. Bu esa kelgusida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishi mumkin.

Uchrashuvda O‘zbekistonning WAICO doirasidagi imkoniyatlaridan samarali foydalanish, tashkilot ishlarida faol qatnashish va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni ilgari surish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida sun’iy intellekt bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish, Xitoyning yirik texnologik kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga jalb qilish va mamlakatimizni mintaqadagi muhim texnologik hamkorlik markazlaridan biriga aylantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuv raqamli texnologiyalar, ta’lim va innovatsiyalar sohasida O‘zbekiston-Xitoy hamkorligini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlarni ochishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Nigora Rahmonova,
O‘zA