Yuz yoshli otaxonga Prezident tabrigi yetkazildi
Sirdaryo viloyat xokimi Akmaljon Mahmudaliyev viloyat sektorlari rahbarlari bilan birga Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, hozirgi kunda 100 yoshdan oshgan boyovutlik O‘skan bobo Hojimanov xonadoniga tashrif buyurdi.
Viloyat hokimi urush va mehnat faxriysiga Prezidentimizning unga yo‘llagan Yangi yil bayrami tabrigini o‘qib eshittirdi, bir martalik pul mukofoti va sovg‘alarni topshirdi.



O‘skan bobo Hojimanov 1943 yilda frontga otlanib, Moskva ostonalaridan Kenisberg shahrini ozod qilishgacha bo‘lgan janggohlarni bosib o‘tdi. Oder daryosini kechib o‘tishda mardlik namunasini ko‘rsatdi. Urushning oxiri ko‘rinib qolganda yaralanib, Yaroslavl oblastining Ribinsk gospitalida bir yarim yil davolandi. Oradan 7 yil o‘tgach, 1950 yil Zomin tumanidagi ona qishlog‘i Achchiga kirib keldi. 28 yil xo‘jalikda shofyorlik qilib, turmush o‘rtog‘i Novvotoy momo bilan 10 nafar farzandni voyaga yetkazdi.

Ko‘rsatilgan bu e’tibordan mamnunligini yashira olmagan O‘skan bobo yuzida tabassum va shukronalik bilan yurtimiz tinchligi bardavom, Vatanimiz yanada obod bo‘lishi, mehr-oqibatli, saxovatli xalqimiz bundanda farovon yashashini tilab duo qildi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri