Yuz yosh bilan yuzlashgan jurnalist...
Tabarruk yuz yoshga kirgan va bu yoshdan oshganlar haqida ko‘p eshitgansiz. Ammo, asr bilan tengdosh jurnalist ayolni ko‘rmagandirsiz?!
Bugun ustoz jurnalist Farida Usmonovaning yuz yoshga to‘lgani munosabati bilan Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari Xolmurod Salimov, tashkilot qoshidagi faxriy jurnalistlar kengashi raisi Jabbor Razzoqov boshchiligidagi shogirdlar onaxonni yo‘qlab xonadoniga borishdi. Bir paytda tashrif buyurgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi jamoasini ham onaxonning farzandu nabiralari iliq qarshi oldi. Chiroyli qilib bezatilgan xonadonda F. Usmonovani qutlash boshlanib ketdi.
Dastavval onaxonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi nomidan yo‘llangan tabrikni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xojayev o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng mazkur agentlik va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining sovg‘alari ustoz jurnalistga tantanali topshirildi.
– Yoshi ulug‘lar, jumladan, ustoz jurnalistlar davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari X. Salimov. – Biz Prezidentimiz yaratib bergan imkoniyatlar tufayli keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqdamiz, jumladan, keksa, faxriy jurnalistlarimiz holidan xabar olish, ularni turli bayram va mana shunday yubiley sanalari bilan qutlash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish sharafiga muyassar bo‘lmoqdamiz.
Darhaqiqat, «Qarisi bor uyning parisi bor». F. Usmonova uzoq yillar matbuot sohasida mehnat qilgan. Onaxon bilan suhbatlashar ekansiz, dilingiz yayraydi.
- Jurnalistning qalbi yonib turishi kerak. Yonmagan, o‘zidan uchqun chiqarmagan qalb bilan yozish qiyin. Qalamingiz o‘tkir, yuragingiz yonib tursa xalqning ko‘ngliga yetib boradigan materiallar yarata olasiz. Mana, qariyb bir asr davomida ne-ne davrlaru, sinovlarni ko‘rmadik. Bolaligim oltin vodiyning Qo‘qon shahrida kechgan. Jurnalistikaga bo‘lgan havas meni Toshkentga yetaklagan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini tamomlab, ijodiy faoliyatimni dastlab «O‘zbekiston ovozi» gazetasida boshlaganman. Keyinchalik «Toshkent haqiqati»da uzoq yillar ishladim. Ustozlarimdan jurnalistikaning sir-asrorlarini o‘rgandim. Qalamim charxlandi, o‘z ustimda ishlash ko‘nikmalarim mustahkamlandi. Bir zum bo‘lsada vaqtimni zoye ketkazmadim, – deydi Farida Usmonova.
O‘zlari aytib o‘tganidek, bosma nashrlarda qalami charxlanib, ijod, jurnalistika qozonida qaynagan, toblangan ustoz ijodkor «Bahor malikasi», «Mehri daryolar», «Yaxshilik umri» risolalari, «Dil faryodi» romani, «Onanoma», «Hijron», «Qiz kelin» qissalari hamda «Sinov», «Ona bag‘ri», «Choliqushi» dramalarini yaratdi.
Davlatimiz tomonidan ustoz ijodkorning o‘zbek matbuotini rivojlantirishdagi qo‘shgan xizmatlari inobatga olinib «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni hamda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
– Iste’dod va ijod – insonga Alloh tomonidan in’om etiladigan ilohiy xislat. Uni o‘zida kamol toptirib, e’zozlab va har tomonlama boyitib, yaxshilikni dilidan qo‘ymagan insongina yetuklikka erishadi. Ustoz ijodkor Farida Usmonova bilan «Matbuotchilar uyi» deb atalmish Toshkent markazidagi binoda 26 yil yelkama-yelka, tunlarni kunga ulab, hamfikr bo‘lib ishlaganmiz. Ulardan ijodning ko‘p qirralarini, hayotiy tajribalarni o‘rganganman, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Jabbor Razzoqov.
Onaxon maroqli suhbatdan so‘ng «Qutlug‘ uydan quruq ketasizlarmi, sizlarga o‘zim yozgan kitoblarimdan olib qo‘yganman, albatta o‘qib chiqinglar, yoshlarga, navqiron avlod vakillari – nabiralarimga yetkazinglar» deya kitoblaridan ulashdilar.
Islom ASILBEKOV,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mutaxassisi