Yuz yildan keyingi Samarqand muloqoti
Samarqandda II Butunjahon turkologiya qurultoyi iş boşladi.
1926-yilda Boku şahrida ötkazilgan birinçi turkologiya qurultoyining 100 yilligiga bağişlangan nufuzli xalqaro anjumanda Turkiy davlatlar taşkiloti va uning huzuridagi tuzilmalar rahbarlari, turkiy davlatlarning yetakçi turkolog olimlari, tilşunos va adabiyotşunos olimlar iştirok etmoqda.
Qurultoyning oçiliş marosimida Turkiy davlatlar taşkiloti boş kotibi örinbosari Nuru Guliyev, Turkiy madaniyat va meros fondi rahbari Aktoti Raimqulova, Turkiy davlatlar parlament assambleyasi (TURKPA) boş kotibi örinbosari Saulekul Saylauqizi sözga çiqib, Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyevning taşabbusi asosida taşkil etilgan II Butunjahon turkologiya qurultoyi turkiy dunyoning til, tarix va madaniy merosini birgalikda örganiş uçun xalqaro muloqot maydonini yaratişga qaratilganini taʼkidladilar.

– Bundan yuz yil oldin Boku şahrida ötkazilgan birinçi turkologiya qurultoyida turk dunyosining közga köringan ilm namoyandalari turkiy xalqlarning tili, tarixi, madaniy merosini asrab-avaylaş va birgalikda rivojlantiriş, yagona yozuvdan foydalaniş kabi muhim masalalarni muhokama qilgan, – dedi Turkiy davlatlar taşkiloti boş kotibi örinbosari Nuru Guliyev. – Ammo bu muloqot sizu bizga yaxşi maʼlum bölgan sabablar tufayli töxtab qolgan. Hatto, ilk qurultoyda hamkorlikda amalga oşirilişi lozim bölgan işlar ham töxtab qolgan. Yuz yil oldin boşlangan muloqot bugun Özbekiston Prezidentining taşabbusi bilan tarixiy Samarqandda davom etmoqda va bu ayni paytda turkiy dunyoning yangi, oltin davrining muhim voqeasi deb aytişimiz mumkin. Bugungi kunda Turkiy davlatlar taşkiloti qoşida qardoş mamlakatlar örtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirişga xizmat qiladigan köplab tuzilmalar faoliyat körsatmoqda, doimiy anjuman va muloqotlar ötkazib turiladi. Endilikda Butunjahon turkologiya qurultoyi ham ilmiy jamoatçiligimizning anʼanaviy anjumaniga aylanadi va davom etadi, deb işonaman.
1926-yil 26-fevral – 6-mart kunlari Boku şahrida ötkazilgan birinçi turkologiya qurultoyida Abdurauf Fitrat, Ismoil Hikmat, Ğozi Olim Yunusov, Fuad Köprulu, Aşurali Zohiriy, Ali Nozim va Bekir Çobonzoda singari taniqli olimlar iştirok etgan. Ular va boşqa iştirokçilarning 38 maʼruzasida turkiy xalqlarning tili, yozuvi, tarixi, adabiyoti va madaniyatini ilmiy asosda örganiş masalalari qayd etilgan. Ayniqsa, lotin yozuviga asoslangan alifboga ötiş masalasi jiddiy körib çiqilgan.

– Birinçi qurultoy taşkiliy qömitasining yakuniy hujjatida navbatdagi qurultoyni Samarqandda ötkazişga qaror qilingan, – dedi Turkiy madaniyat va meros fondi rahbari Aktoti Raimqulova. – Oradan 100 yil ötib bölsa-da, bu iş amalga oşgani barçamiz uçun quvonçlidir. Bu turk dunyosining maʼnaviy birligi, bugunga kelib qaror topgan hamjihatligining ham yana bir ifodasidir. Turkiy davlatlar taşkiloti sammitlari va ularda davlat rahbarlari tomonidan ilgari surilayotgan taşabbuslar asosida şu paytgaça bizning fondimiz tomonidan 200 dan ortiq loyiha hayotga tatbiq etildi, 60 dan ziyod fundamental naşr tayyorlandi. Jumladan, Özbekiston Prezidenti taşabbusi bilan 100 jildli turkiy xalqlar adabiyot töplami çop etildi. Butunjahon turkologiya qurultoyi ham bu boradagi işlarni yanada kengaytiriş, turkiy davlatlardagi universitetlar va ilmiy-tadqiqot institutlari örtasidagi hamkorlikni rivojlantirişga xizmat qiladi. Biz ham turkiy dunyo ilmiy jamoatçiligini bu borada qöllab-quvvatlaşga tayyormiz.
Qurultoyning yalpi majlisida turkiy davlatlar örtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik istiqbollari, turkiy dunyo xaritasini amalga oşirişning dolzarb vazifalari, turkiy sivilizatsiyaning jahon tamaddunidagi örni haqida söz yuritildi.
[gallery-32622]
Jumladan, Alişer Navoiy nomidagi Toşkent davlat özbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Şuhrat Sirojiddinov turkiy davlatlar örtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollari haqida öz fikrlarini bayon etdi.

– Tilda, fikrda va işda birlik ğoyasi bugun Turkiy davlatlar taşkiloti faoliyatining asosini taşkil etmoqda, – dedi Şuhrat Sirojiddinov. – Tildagi birlik özaro muloqotda muştarak til va yagona alifbodan foydalanişni anglatadi. Xususan, 2024-yil sentabr oyida bölib ötgan Turkiy davlatlar taşkilotining navbatdagi sammitida umumturkiy alifbo qabul qilindi. Bu borada taşkilotga aʼzo mamlakatlarda muayyan işlar amalga oşirilmoqda. Jumladan, şu yil 21-oktabr kuni Prezidentimiz Şavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan qonun bilan lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini umumturkiy alifbo bilan uyğunlaştirişga qaratilgan qadam taşlandi.
Fikr va amal birligi esa aʼzo davlatlarning xalqaro hamda mintaqaviy masalalardagi hamfikrligi, umumiy yondaşuv va qaraşlarida namoyon böladi.
Bugun turkiy davlatlar örtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik umumiy tarix va til yaqinligini eʼtirof etişdan amaliy qöşma loyihalarni röyobga çiqariş bosqiçiga kötarildi. Bu jarayonda TURKSOY hamda Turkiy madaniyat va meros fondining örni alohida. Uşbu tuzilmalar faoliyati madaniyat kunlari va festivallar ötkaziş bilangina çeklanmay, qöşma taʼlim dasturlarini amalga oşiriş, kino va sanʼat sohasidagi hamkorlikni kengaytiriş, umumiy merosni asrab-avaylaş va xalqaro miqyosda tarğib etiş, anʼanaviy sport turlarini rivojlantiriş, şuningdek, gumanitar yordam körsatiş kabi yönalişlarni ham qamrab olmoqda.

Yalpi majlisdan söng qurultoy beş sessiyada öz işini davom ettirdi. Ularda turkiy xalqlar tili, yozuvi, adabiyoti va folklori, geografiyasi, madaniyati va sanʼati, turkiy xalqlarning ötmişi, buguni va kelajagi, şuningdek, zamonaviy geosiyosatiga bağişlangan öttizdan ortiq maʼruzalar tinglandi.
Qurultoy doirasida Özbekistonning ilmiy, madaniy va tarixiy merosini namoyiş etuvçi körgazmalar, taqdimot va ekskursiyalar ötkaziş közda tutilgan.
Ğolib Hasanov, Alişer Isroilov (surat),
ÖzA muxbirlari