Yutuqlar, kamchiliklar va rejalar muhokama qilindi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, aholining huquqiy muhofazasini ta’minlashga qaratilgan masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat studiyasi orqali viloyat hokimi Botir Zaripov, viloyat prokurori, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, viloyatda faoliyat yuritayotgan barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlari, sohaviy va tarmoq xizmatlar rahbarlari, viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar Idoralararo muvofiqlashtiruvchi Kengash hamda IIB huzuridagi Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha Idoralararo komissiyaga a’zo organlarning mutasaddilari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurash, mavjud muammolar, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, jinoyatlarni fosh etish borasida amalga oshirilgan ishlar ahvoli va galdagi ustuvor vazifalar, Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida joriy yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi.

Shuningdek, nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlarni aniqlash va ularga ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish tartibini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha Idoralararo komissiyasining faoliyati natijalari, “Buxoro tajribasi” asosida mahallalarda sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning muhokamasi tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Ayniqsa, profilaktika ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan, jinoyatlarning oldini olishda kerakli tizimli yondashuvni ta’minlamagan rahbarlar faoliyati keskin tanqid qilindi. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan idora va mutasaddilarga nisbatan ta’sirchan tashkiliy va intizomiy choralar ko‘rish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.
Yig‘ilish yakunida xizmat burchini vijdonan ado etib, ichki ishlar tizimida yuqori natijalarga erishgan, fidokorona faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh xodimlar tantanali ravishda rag‘batlantirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.