Yurtimizdagi ibratli ishlarning yana bir xalqaro e’tirofi
Mamlakatimizda tashkil etilgan Belarus madaniyati kunlari doirasida Belarus Respublikasi Madaniyat vaziri Ruslan Chernetskiy boshchiligidagi delegatsiya Toshkent shahrida davlatimiz rahbari tashabbusi asosida barpo etilgan Milliy madaniy markazlar pavilonida bo‘ldi. So‘ng mehmonlar yozuvchi Yakub Kolas byusti poyiga gul qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
Pavilonda qardosh yurt madaniyat vaziriga O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qahramon Sariyev hamrohlik qildi.

Ruslan Chernetskiy ushbu pavilonda tashkil etilgan belarus, ukrain, rus, qozoq, qirg‘iz, turkman, dungan, turk milliy madaniy markazlari ekspozitsiyalari bilan tanishdi.
O‘zbekistonda yashab kelayotgan 130 dan ortiq millat vakillari singari belarus millatiga mansub aholi vakillariga yaratib berilayotgan sharoitni yuqori baholab, Hukumatimizga minnatdorchiligini bildirdi.

Shuningdek, delegatsiya Toshkent shahrida joylashgan belarus adabiyotining buyuk vakili Yakub Kolas byusti poyiga gul qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
Marosimda O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan "Kupalinka" belarus folklor jamoasi vakillari Yakub Kolas qalamiga mansub asarlarni o‘qib eshittirdi.

Ruslan Chernetskiy belarus xalqining suyukli farzandi Yakub Kolas xotirasiga hurmat va e’tibor uchun mamlakatimiz rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi va bu kabi ibratli ishlar ikki xalq o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishini ta’kidladi.
Aytish kerakki, Yakub Kolas (1882-1956) belarus adabiyotining yirik namoyandalaridan biri. Ijodkor shoir, yozuvchi, dramaturg, tarjimon sifatida belarus adabiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shgan. Ikkinchi jahon urushi davrida 1941-1943 yillarda Toshkent shahrida istiqomat qilgan. Urush yillari Hamid Olimjon, Zulfiya, G‘afur G‘ulom kabi o‘zbek adabiyoti darg‘alari bilan yaqin hamkorlik qilgan. Uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida 2018 yilda Toshkent shahri markazida byust o‘rnatilgan.
N.Usmonova,
O‘zA