Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tadbirkorlar ham, fuqarolar ham yer va suv resurslaridan oqilona hamda qonuniy asosda foydalanib, ularni asrash va kelajak avlod uchun saqlashga mas’uldir. Umummilliy boylikdan g‘ayriqonuniy foydalangan shaxslar javobgarlikka tortiladi.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, faqat 2018 yil 1 maygacha yakka tartibda qurilgan va o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlari hamda qurilmalar ko‘rib chiqiladi. Bu sanadan keyin sodir etilgan har qanday noqonuniy harakat ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shu bois joylarda olib borilayotgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari jarayonida bundan buyon o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga xomtama bo‘lmaslik lozimligini ham eslatib o‘tmoqdamiz.

Afsuski, Surxondaryo viloyatida ham keng qamrovli profilaktik tushuntirish ishlari olib borilayotgan, yerdan oqilona va qonuniy foydalanishni ta’minlash, tizimda huquqiy tartibni mustahkamlash va qonunchilik hujjatlari ijrosini kafolatlashga jiddiy e’tibor qaratilayotgan bo‘lsa-da, hanuz yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, ularda noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirish kabi xunuk holatlarga duch kelinmoqda.
Qishloq xo‘jaligi maydonlaridan samarali foydalanish, ularni muhofaza qilish va noqonuniy holatlarning oldini olish davlatimiz belgilab olgan vazifalarning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan ayni paytda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslarga tegishli choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, joriy yilning olti oyida Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi va tuman, shahar bo‘limlari xodimlari 1 ming 513 holatda 124,23 gektar yer maydoni noqonuniy egallab olinganini aniqladi. Bu maydonlarning 95,43 gektari qishloq xo‘jaligi, 9,96 gektari aholi punktlari, 2,07 gektari suv fondi yerlariga, 3 gektari esa sanoat, aloqa, mudofaa va tarixiy-madaniy ob’ektlar joylashgan hududlarga to‘g‘ri keldi.

Umummiliy boylikka ko‘z olaytirish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar yuzasidan tegishli shaxslarga ogohlantirish xatlari va ko‘rsatmalar yuborildi. Profilaktik tushuntirish ishlari chog‘ida 986 ta holat ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi. Qonunbuzarliklarni belgilangan muddatda bartaraf etmagan shaxslar bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilib, noqonuniy qurilmalarni majburiy buzdirishga qaratilmoqda.
Mavridi kelganda shuni ham aytish lozimki, yer bilan bog‘liq aniqlangan holatlarning 118 tasida jinoyat alomatlari mavjud deb topilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. 818 nafar huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Masalan, Angor tumanidagi Yangi turmush mahallasida yashaydigan Saidvaqqos Dilshodov (ism-shariflar o‘zgartirildi) 100 kv.metr yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, 96,8 kv.metr noturar joy qurilishi uchun poydevor qo‘yganida nazoratchilar e’tiboriga tushib qoldi. Holat bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasi 3-qismi asosida bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qo‘llanildi. Qurilmani buzish haqida yozma ko‘rsatma berildi. Oltinsoy tumanidagi Mustaqillikning 10 yilligi mahallasida Komil Ochildiyev 200 kv.metr qishloq xo‘jaligi yerini noqonuniy egallagani uchun ma’muriy chora ko‘rildi. Egallangan yerni o‘zboshimcha fuqaroning o‘zi davlat zaxirasiga qaytardi.

Umummilliy boyligimiz bo‘lgan yerning har qarichi davlat muhofazasida va undan oqilona, samarali foydalanish qonun bilan tartibga solinganini unutmasligimiz kerak.
Menglimamat Abdirahmonov, Kadastr agentligi
Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA