Yurtimizda tut bargidan choy ishlab chiqarilmoqda
Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahridagi "Nurli tong silk" MCHJ pillachilik klasteri tomonidan tut bargidan choy ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi.
Xitoy texnologiyasi asosida qurilgan mazkur korxonada bir soatda 35 kilogrammgacha qora va ko‘k ko‘rinishga ega bo‘lgan tut choylari tayyorlanadi.

– Umumiy qiymati 200 ming dollar bo‘lgan investitsiya jalb etilib, hozircha 10 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi, – deydi «Nurli tong silk» MCHJ direktori Maqsudjon Qosimov. – Kuz mavsumida pilla kam boqilishi inobatga olinsa, aksariyat tut barglari xazonga aylanib ketadi. Ushbu loyiha bu borada yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. Endilikda oddiy tut bargidan bozorgir mahsulot turlari tayyorlayapmiz. Bir kilogramm tut bargidan 750 gramm tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.

Viloyatda 4 ming gektarga yaqin tutzorlar bor. Bir gektar tutzordan o‘rta hisobda 50 tonnaga yaqin tut barglari yig‘ib olinadi.

Bu yerda shuningdek, xom ashyoni yig‘ish, saralash yo‘nalishida kasanachilik xizmati yo‘lga qo‘yildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA