Yurtimizda murakkab operatsiyalar narxi qancha?
Bilasizmi, ayni paytda respublikamizda 5 ming nafar bemor jigar sirrozidan aziyat chekyapti. Ulardan 500 nafari jigar transplantatsiyasiga muhtoj. Shu kungacha Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtrilgan Xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 10 nafar bemorga jigar ko‘chirib o‘tkazildi.
Mazkur markaz direktori Saidmurod Ismoilovning ta’kidlashicha, bunday noyob operatsiya uchun Hindistonda o‘rtacha 45 ming dollar mablag‘ talab qilinadi. Rossiyada esa yanayam qimmatroq – 70 ming dollar atrofida. Belarus davlatida jigar transplantatsiyasini o‘tkazmoqchi bo‘lganlar esa qariyb 165 ming dollar to‘lashlari kerak. Eng yuqori narx AQSHda – taxminan 200 ming dollar.
Bizda esa bu turdagi operatsiyani o‘tkazishga sarflanadigan sarf-xarajatlar donor va bemor uchun o‘rta hisobda 18-20 ming dollarga to‘g‘ri kelishi o‘rganilgan. Ammo buni yanlish tushunmaslik kerak. Gap shundaki, mamlakatimizda jigar sirrozi bilan kasallangan yurtdoshlarimizni order tizimi asosida davolash yo‘lga qo‘yilgan. Bu holatda faqat donor operatsiyasi, ya’ni jigarning bir bo‘lagini olish uchun bemorning oilasi tomonidan ma’lum miqdorda mablag‘ to‘lanadi, xolos.
Yurak va o‘pka yetishmovchiligi terminal bosqichidagi bemorlar orasida ham transplantatsiya amaliyotiga muhtojlar ko‘p. Biroq bunday operatsiyalar bahosi Rossiyada 100 ming, Belarusda 200 ming, AQSHda 250 ming AQSH dollari atrofida. O‘zbekistonda esa narx ko‘rsatkichlari Okeanorti mamlakatiga nisbatan qariyb 10 barobar arzon.
Umuman, bugunga kelib, yurtimizda yiliga o‘rtacha 750 mingta jarrohlik amaliyoti bajarilyapti. Ularning 24 mingtasi respublika tasarrufidagi klinikalarda, 550 mingtasi viloyat markazlarida, 170 mingtasi esa tuman miqyosida o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, murakkab kardioxirurgik amaliyot hisoblangan aorta-koronar shuntlash operatsiyasi uchun Rossiya va Hindistonda 8 mingdan 18 ming dollargacha to‘lov qilish zarur. Yevropa davlatlarida esa 20-30 ming dollar talab qilinadi. Mamlakatimizda esa yurak sohasidagi murakkab operatsiyalar uchun ko‘pi bilan 3-4 ming dollar to‘lov qilinmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA