1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bayrami munosabati bilan Orolbo‘yining shahar va tumanlarida turli tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev Nukus shahridagi “Imkon” reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotiga tashrif buyurib, bu yerda tarbiyalanayotgan bolalarni bayram bilan qutladi.

Bugungi kunda yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida yoshlar va bolalarning ta’lim olishi, salomatligining mustahkam bo‘lishi, barkamol inson bo‘lib kamol topishi uchun ko‘plab ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Eng chekka hududlarda ham zamonaviy bolalar bog‘chalari, maktablar, madaniyat va sport inshootlari foydalanishga topshirilmoqda.

Orolbo‘yi bolalari uchun maxsus barpo etilgan ushbu reabilitatsiya markaziga ega bolalar bog‘chasida ham bir qator tarbiyalanuvchilar ta’lim-tarbiya olmoqda. Bolalar uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan. Ularning salomatligi doimiy nazoratga olingan va tajribali tibbiyot xodimlari hamda pedagog ustozlar tunu kun fidokorona mehnat qilishmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F. Ermanov ham Nukus shahridagi 27-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotidagi bolalarni bayram munosabati bilan qutladi.
Bolajonlarga bayram munosabati bilan sovg‘alar topshirildi va konsert dasturi namoyish etildi.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri