Yurtimiz tinchligiga ko‘z tegmasin
Shukrona
1932 yil 25 avgustda Olot tumanida tavallud topgan Jumadurdi Begiyev yoshlik chog‘larini xotirlarkan, 1939 yilda tuman markazidagi “Kirov” deb nomlangan maktabning birinchi sinfiga o‘qishga bordi. 1954 yilda shu maktabning 10-sinfini tugatgani, bolaligi Ulug‘ Vatan urushi yillariga to‘g‘ri kelgani, tengdoshlari, qariyalar, ayollar bilan birgalikda 1941-1945 yillarda front ortida xizmat qilgani, 1946 yili esa front ortidagi xizmatlari uchun medal bilan taqdirlanganini entikish bilan yodga oladi.

Shundan so‘ng Buxoro va Samarqandda pedagogika yo‘nalishida o‘qib, qishloq maktabida o‘qituvchilik qilgan yillarini, 1974 yildan sobiq kolxoz brigada boshlig‘i, 1976 yildan 1980 yilgacha kolxoz raisi bo‘lib ishlagani, qaysi jabhada bo‘lmasin, halol-pokiza mehnat qilganini xotirlaydi. Jumadurdi Begiyev 2005 yilgacha jamoa xo‘jaligida brigadirlik qilib, ilg‘or xo‘jaliklardan birining peshqadam mirishkori sifatida ham o‘sha paytlari davlatga 1 ming 200 tonnagacha paxta yetishtirib berib, viloyatda yuqori e’tirofga sazovor bo‘lgan.
“Nuroniy” jamg‘armasi Buxoro viloyati Olot tumani bo‘limi boshlig‘i Saidquli Oqqiyev boshchiligidagi bir guruh jamoatchilik vakillari “Bayot” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 93 yoshni qarshilagan Jumadurdi ota Begiyevni yo‘qlab bordi. Otaxondan hol-ahvol so‘raldi. Uning yashash sharoiti o‘rganildi. Piru badavlat xonadon sohibi, ulug‘ yoshga yetgan otaxon bilan kechgan samimiy suhbatda urush va mehnat faxriylarining matonati, ota-bobolarimizning yengilmas irodasi haqidagi xotiralar yodga olindi. Bugungi dorilamon kunlarga shukronalar aytildi.

Jumadurdi ota Begiyev ayni damda Bahrinbayot qishlog‘ida katta bir oila sohibi, 7 nafar farzandning otasi, 2 nafar o‘g‘li va 5 nafar qizini uyli-joyli qildi. Hayotda o‘z yo‘larini topishiga kamarbasta bo‘lgan, bir-biridan shirin 25 nafar nabira, 45 nafar chevara, qolaversa, 10 nafar evaraning suyukli bobosi hamdir.
–Inson qadri ulug‘lanayotgan, qariyalari qadr topgan yurtning kelajagi porloq, turmushi farovon bo‘ladi, –deydi duoga qo‘l ochar ekan Jumadurdi ota Begiyev. –Nuroniylarini unutib qo‘ymay, holimizdan xabardor bo‘layotgan rahbarlarimizga ming rahmat, aziz boshlari hamisha omon bo‘lsin, g‘am-tashvish ko‘rmasin. Yurtimiz tinchligiga ko‘z tegmasin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri