Yurtimiz tinchligiga ko‘z tegmasin
Ikkinchi jahon urushida Buxoro viloyatidan 73 ming 688 kishi fashizmga qarshi kurashgan.
Janggohlarda 30 ming nafar buxoroliklar qolib ketdi. Urushdan qaytganlarning 5 ming nafaridan ortig‘i jangovar orden va medallar bilan mukofotlandi. Bu qadimiy yurt farzandlaridan 13 kishi urush Qahramoni, bir kishi esa uchchala darajali “Shuhrat” ordenining to‘la kavaleri unvoniga sazovor bo‘lgan.
Ayni kunda viloyatda Ikkinchi jahon urushida qatnashganlarning 15 nafari hayot. Ular orasida urush yillarida Germaniyaning Gannover shahridagi fashistlar konslagerida asirlikka tushib qolgan, 1945 yillarda Germaniyadan Buxoroga deportatsiya qilingan urush faxriylari, tatar millatiga mansub 93 yoshli, Reyde Resutova hamda 86 yoshli Katize Menseitovalar ham bor.
– O‘zim Qrim Respublikasi Ichkin tumani, Berunya Besut qishlog‘ida tug‘ilganman, – deydi Buxoro shahri Shirbudin mahalla fuqarolar yig‘ini, Shirbudin ko‘chasi, 7-muyulish, 78-uyda yashovchi urush faxriysi 93 yoshli, tatar millatiga mansub Reyde Resutova. – O‘sha mash’um 1941-1945 yillarda Leningrad shahri qamali davrida katta zavod va korxonalarda ishlab, fashistlarning konslagerlariga tushib, asirlik azobini tortganman. Ochig‘i, bu kunlarni orzu qilish xayolimizda ham bo‘lmagan.
Asirlikda Germaniyaning Gannover shahridagi fashistlar konslagerida Branshevoy temir-beton zavodida azob-uqubatlarni boshimizdan kechirganmiz. 1945 yilda Germaniyadan Toshkentga deportatsiya qilindim. Toshkentdan Buxoroga olib kelishdi. Hozirgi Buxoro davlat universitetining boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida o‘qidim. Turmush o‘rtog‘im Amet Abultarov bilan oila qurdim. Turmush o‘rtog‘im ham Navoiy viloyatiga deportatsiya qilingan edi. Oila qurganimizdan so‘ng bir fursat Navoiyda yashadik. 2 qiz 1 nafar o‘g‘ilni voyaga yetkazdik. Yaratganga ming shukur, mana shunday, dorilomon kunlar ham peshonamizda bor ekan. Bugun tole’imdan minnatdorman. Urushdan keyingi tiklanish yillarida xalq ta’limi tizimida ishlab, yosh avlodga saboq berdim. El orasida hurmat-izzat topdim. Har bayramu tantanada Davlat rahbari tashabbusi bilan biz keksalarning holidan xabar olishadi. Turmush o‘rtog‘im bilan yolg‘iz emasligimizni his etamiz. Bunday chiroyli dorilomon kun ko‘raman deb o‘ylamagandim. O‘zbekistonda, Buxoroda yashayotganimdan mamnunman.
[gallery-6948]
-Yetti yoshimda Qrimdan asirlik uchun Germaniyaning Gannover shahridagi fashistlar konslageriga onam bilan majburlab vagonda olib ketishdi, - deydi Buxoro shahrining A.G‘ijduvoniy mahalla fuqarolar yig‘ini, Shirbudin ko‘chasi, 60-uyda yashovchi urush faxriysi 86 yoshli, tatar millatiga mansub Katize Menseitova. -1945 yilda Germaniyadan Toshkent shahriga keldim. U yerdan Buxoroga jo‘natishdi. 77 yildirki, mana shu ko‘hna zamin Buxoroda buxorolik bo‘lib yashab kelayapman. Buxoroga kelganimdan so‘ng shahardagi 1 sonli maktabda tahsil oldim. O‘qidim, izlandim. Natijada o‘zim o‘qigan maktabga matematika fani bo‘yicha o‘qituvchi bo‘lib ishga kirdim. 35 yil pedagogika sohasida faoliyat yuritdim. 2 nafar farzandim bor. 4 nafar nabiramning sevimli buvisiman. Yurtboshimizga, davlatimizga rahmat.
Biz Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularning oila a’zolariga ko‘rsatayotgan e’tibor va hurmat uchun tashakkur bildiraman. Har yili sanatoriylarga dam olish uchun bepul yo‘llanma berishadi. Borib kelish uchun samolyot, poyezdlar ham bepul xizmat qilishadi. Har tong duoga qo‘l ochganimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni sog‘u-salomat bo‘lishini Allohdan tilayman. Yurtimiz tinchligiga ko‘z tegmasin. Urushning nomi o‘chsin. Tinchlikni qadriga yetishishimiz kerak. Yoshlarga ham faqat tinchlik qadriga yetishishni nasihat qilaman. Pirlar yurti Buxoroni juda yaxshi ko‘raman.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA