Yurtdoshlarimiz Sloveniyaga ishga taklif etildi
Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Sloveniya Respublikasi bandlik xizmati hamda Sloveniya hunarmandchilik va kichik biznes palatasi vakillaridan iborat delegatsiya Samarqand shahridagi kasbiy ko‘nikmalar markazida migratsiya agentligi viloyat hududiy filiali mas’ullari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda migratsiya sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, mehnat bozori uchun malakali kadrlar tayyorlash hamda fuqarolarni Sloveniyada qonuniy va xavfsiz ish bilan ta’minlash borasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
– Xalqaro miqyosda ishchi kuchiga talab ortib bormoqda, – deydi Migratsiya agentligining Samarqand viloyat hududiy filiali rahbari Laziz Ibragimov. – Yurtimizda ham xorijda ishlash istagidagi fuqarolar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ularni chet mamlakatlarda xavfsiz mehnat sharoitlarida ishlashlarini ta’minlash maqsadida ko‘plab davlatlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda Yevropa va Arab davlatlaridan xizmat ko‘rsatish, qurilish, transport yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar kelmoqda. Sloveniya Respublikasidan tashrif buyurgan hamkorlarimiz ham o‘z davlatlarida mavjud ish o‘rinlari haqida ma’lumot berib, tartib va talablarni tushuntirmoqda.
Shu yerda Sloveniya delegatsiyasi tarkibida kelgan yigirmaga yaqin ish beruvchi bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi taqdimotlarini namoyish etdi.
– O‘zbekistonliklar uchun asosan sanoat, qurilish va transport sohalarida ish taklif qilyapmiz, – deydi Sloveniya bandlik xizmati (ESS) rahbari Anka Rode. – Tuziladigan mehnat shartnomasida ish joyi, lavozim va ish haqi aniq ko‘rsatiladi. Hozirda Sloveniyada minimal ish haqi 1275 yevroni tashkil etadi. Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, talabgor shartnoma asosida ruxsatnoma rasmiylashtirilgan ish joyida, ariza bergan kasbi bo‘yicha ishlashi mumkin. Masalan, agar yuk mashinasi haydovchisi sifatida ariza topshirgan bo‘lsangiz, bir vaqtning o‘zida ham yuk mashinasi haydovchisi, ham payvandchi bo‘lib ishlay olmaysiz. Shuni alohida ta’kidlashim lozim, mamlakatimiz qonunchiligida yagona ruxsatnoma asosida ishlayotgan xorijiy fuqarolarning mehnat huquqlari himoya qilinadi va xorijliklar ham sloveniyalik ishchilar bilan teng huquqlarga ega bo‘ladi.
Mehmonlarning qayd etishicha, Sloveniyada ishlash uchun ingliz yoki rus tillarini bilish talab etiladi. Ish boshlanganidan so‘ng, ishchi ijtimoiy sug‘urta tizimiga kiritiladi. Ya’ni tibbiy sug‘urta, nogironlik sug‘urtasi va pensiya sug‘urtasi yuritiladi. Tibbiy xizmatlarga ehtiyoj tug‘ilganda davlat tibbiyot muassasalariga murojaat qilish mumkin bo‘ladi. Tibbiy xizmatlardan foydalanish shartlari tegishli sug‘urta turi va amaldagi qoidalar asosida bepul ko‘rsatiladi.
[gallery-31911]
– Xorijda ishlash imkoniyati bo‘lsa, ishlash niyatim bor, – deydi Jamshid Avazov. – Bundan bir necha yillar oldin xorijda mehnat qilib kelganman. Transport xizmati bo‘yicha tajribaga egaman. Sloveniyalik ish beruvchilar bilan uchrashib, ularning shart-sharoitlari, talablarini o‘rgandim. Ularning talablari ham boshqa ish beruvchilar kabi oddiy: til bilish, malakaga ega bo‘lish va oilaviy sharoiti xorijga chiqishga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Taklif qilinayotgan oylik maosh 1500 yevrodan boshlanib, ish tajribasi va bajariladigan vazifalarga qarab yana oshirilar ekan. Ish beruvchilar hujjatlarim to‘g‘ri kelganini aytdi va migratsiya agentligi mas’ullari bilan bog‘lanib, xabar berilishini ma’lum qilishdi.
Sloveniya delegatsiyasi Samarqand kasbiy ko‘nikmalar markazi, “Vatanparvar” avtomobil haydovchilarini tayyorlash o‘quv markazi hamda Samarqand shahridagi Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan 4-son texnikumda yaratilgan sharoitlar, kasb-hunar hamda chet tillarini o‘rgatish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan o‘quv dasturlari bilan tanishdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari