2025 yilning o‘tgan oylarida turistik maqsadlarda xorijga safar qilgan o‘zbekistonliklar soni 3,5 million nafarga yetgan. Bugungi kunda sayohat uchun eng ko‘p tanlangan yo‘nalishlar qo‘shni davlatlar bo‘lsa-da, uzoq masofaga bo‘lgan qiziqish ham ortmoqda. Sayyohlar asosan sayohat, o‘qish, xizmat yuzasidan va boshqa maqsadlarda chetga chiqishmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yilda yurtdoshlarimiz o‘rtasida Buyuk Britaniya va Polshaga sayohat qilish hajmi ortgan.

Jumladan, 2025 yilning yanvar-iyul oylarida jami 3,8 ming nafar O‘zbekiston fuqarolari turistik maqsadlarda Buyuk Britaniyaga, qariyb 2 ming nafari Polshaga safar qilgan.
Shuningdek, Koreyaga o‘qish maqsadida borayotganlar soni ham ortmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 7 oyda 1,7 mingdan ziyod o‘zbekistonliklar o‘qish uchun Koreyaga jo‘nab ketgan.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA