Mamlakatimizda tomorqachilik faoliyatini rivojlantirish, jumladan, meva-sabzavotchilik va ko‘chatchilikni samarali yo‘lga qo‘yish, mo‘l va sifatli hosil yetishtirish orqali aholi farovonligini ta’minlashga qo‘shayotgan munosib hissasi, o‘zining tashabbuskorligi, tajribasi va mehnatsevarlik fazilati bilan boshqalarga namuna ko‘rsatib kelayotgani uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanidagi mirishkor Genjemurat Turdimuratov “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Bugungi kunda mamlakatimizda tomorqa xo‘jaliklarini yuritishni tashkil etish va ularni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida ko‘plab oilalar yaxshigina daromadli bo‘lmoqda. Qorao‘zak tumani “Madaniyat” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Genjemurat Turdimuratov ham ma’lum bir muddat chet davlatlarda ishlashga majbur bo‘ldi.

So‘nggi yillarda shaxsiy tomorqa yer uchastkalaridan samarali va oqilona foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda yuksak natijalarga erishayotgan, aholi o‘rtasida hurmatga sazovor bo‘lgan ilg‘or tomorqa yer egalari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Genjemurat ham 2021 yilda tomorqasiga issiqxona qurish taklifini bildirganida, uning tashabbusini ovul fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi Ziyo‘ar Jaqsimova qo‘llab-quvvatladi. Ishni boshlashi uchun “Xalq banki”ning tuman filialidan 15 million so‘m imtiyozli kredit olishga ko‘maklashdi. Shuning evaziga dastlab 1,5 sotixli issiqxona qurdi.
Natija yomon bo‘lmadi. Bir yilda bankdan olingan kredit to‘liq qaytarildi. Kelgusi yili yana bir issiqxona qurish va unga kerakli asbob-uskunalar xarid qilish uchun 33 million so‘m imtiyozli kredit oldi. Bugungi kunda 8 sotix tomorqada pomidor, bodring, qulupnay va boshqa sabzavot-poliz mahsulotlarini yetishtirib kelmoqda. Yiliga to‘rt marta hosil olib, ularni ichki bozorda aholiga arzon narxlarda yetkazib bermoqda. Shu bilan birga 8 nafar fuqaroning bandligi ham ta’minladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev qorao‘zaklik tomorqachiga “Do‘stlik” ordenini tantanali ravishda topshirdi. Uning tomorqa maydonlaridan samarali foydalanish va o‘z oilasi daromadini oshirish borasidagi mehnati ko‘pchilikka namuna bo‘lishini ta’kidladi.
– Prezidentimizning yuksak e’tibori menga yanada kuch-quvvat bag‘ishladi, – deydi “Do‘stlik” ordeni sohibi Genjemurat Turdimuratov. –Davlatimiz rahbari tomorqa va dehqonchilik yerlarida yuqori daromadli va eksportbop ekinlar ekish, ularning hisobini yuritish va moliyalashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ma’lum qildi. Kelajakda faoliyatimni yanada kengaytirib, ichki bozorni arzon va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlab qolmasdan, ularni eksport qilishni ham rejalashtiryapmiz. Kamtarona mehnatim yuksak baholangani uchun yurtboshimizga minnatdorlik bildiraman.

Darhaqiqat, tomorqa mo‘may daromad manbai. Uning dasturxonlarimiz to‘kinligi, aholi turmush farovonligi, yurt obodligini ta’minlashdagi o‘rni beqiyosdir. Hamma gap undan nechog‘li oqilona foydalana olishdadir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri