Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik
Olmaliq shahridagi “Go‘zal” tantanalar majmuasida 11 noyabr O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan ”Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalar Federatsiyasining Toshkent viloyati Kengashi mas’ullari, viloyat korxona-tashkilotlarining kasaba uyushmalari vakillari, OKMK tarkibiy bo‘linmalari kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida so‘z olgan “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov soha vakillarini samimiy muborakbod etdi. Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent viloyati Kengashi raisi Murodjon Nosirov ham kasaba uyushmalari vakillarini bayram bilan tabrikladi.
Kasaba uyushmasi faoliyatida ilg‘or bo‘lgan 4 nafar xodim 3-darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan 6 nafari esa Faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Shuningdek, 12 nafar xodimga qimmatbaho sovg‘alari tuhfa etildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent viloyati Kengashi tomonidan ham viloyat korxona tashkilotlarining bir guruh faol soha vakillari tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
Tadbirning badiiy qismida “Metallurg” MS ijodiy guruhlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi. Ayniqsa, o‘zbek estradasining yorqin yulduzi Iroda Allaberganovaning sho‘x-shodon qo‘shiqlari barchani raqsga chorladi. Taniqli so‘z ustalarini o‘zida jamlagan “Qahqaha” guruhi hamda Respublika yosh tomoshabinlar teatr aktyori Rayimjon Umarov tomonidan ijro etilgan ichakuzdi hangomalar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
OKMK Axborot xizmati